FVV tizimida yana bir quvonchli va unutilmas tantana
2026-08-25 18:20:00 / Yangiliklar

Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari boshchiligida Shahrisabz shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining qoʻshimcha yangi oʻquv binosi hamda mukammal taʼmirdan chiqarilgan oʻquvchilar yotoqxonasini foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimda Qarshi harbiy prokurori, Shahrisabz shahar hokimi oʻrinbosari, faxriylar, litsey rahbariyati va shaxsiy tarkibi, shuningdek, oʻquvchilar ishtirok etdi.
Yangi oʻquv binosining barpo etilishi va yotoqxonaning zamonaviy talablar asosida taʼmirlanishi yoshlarning sifatli taʼlim olishi, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi hamda ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Ayniqsa, Vatan taqdiriga daxldor, mard va jasur avlodni tarbiyalashdek sharafli vazifani zimmasiga olgan “Temurbeklar maktabi” uchun bugungi tantana alohida ahamiyat kasb etdi.
Yangi oʻquv xonalarida ilm va izlanish, yotoqxonada esa orzu-maqsadlar sari intilayotgan yoshlarning quvnoq kulgusi yangrasin! Zero, bugun yaratilayotgan qulay sharoitlar – ertangi kunning bilimli, vatanparvar va jasur himoyachilarini tarbiyalashga qoʻyilayotgan mustahkam poydevordir.









