Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov Favqulodda vaziyatlar volontyorlari bilan uchrashdi
2026-08-13 15:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida vazir yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qilib, oʻzining xizmat faoliyati, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yangiliklar hamda hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, yosh qutqaruvchi-volontyorlarning taqdimotlari tinglanib, ular tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar, tashabbuslar va takliflar bilan tanishildi. Yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash va profilaktika ishlaridagi faolligini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Muloqot davomida masʼullarga volontyorlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, “mahalla – volontyor – davlat inspektori” oʻrtasidagi uzviy hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv yakunida yosh qutqaruvchi-volontyorlarning tashabbuskorligi, fidoyiligi va xavfsizlikni taʼminlashdagi ishtiroki yuksak baholandi.
Zero, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini taʼminlashda bugungi faol va tashabbuskor yoshlar — ertangi xavfsiz jamiyatning ishonchli tayanchidir.








