Namanganda “Yong‘in-qutqaruv amaliy sporti” bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ochiq chempionatiga start berildi
2026-08-06 20:45:00 / Yangiliklar
Bugun, 6-avgust kuni Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Yong‘in-qutqaruv amaliy sporti bo‘yicha "O‘zbekiston Respublikasi ochiq chempionati" ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etib, Favqulodda vaziyatlar tizimini rivojlantirish, qutqaruvchilarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini yuksaltirishda mazkur sport turining ahamiyati haqida so‘z yuritdi hamda musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat va g‘alabalar tiladi.
Ochiq chempionatda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy va tarkibiy tuzilmalaridan 18 ta jamoa bilan bir qatorda “Uzbekneftegaz” AJ Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ko‘ngilli qutqaruv qismi, “Uzkimyosanoat” AJ “Maksam-Chirchiq” harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, “Uzbekistan Airports” AJ Parvozlarning qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmati, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi hamda “Uzbekneftegaz” AJning O‘zbekiston harbiylashtirilgan qutqaruv qismlari vakillari ishtirok etmoqda.
Musobaqaning birinchi kuni "Yongʻin oʼchirish estafetasi va ishgʼol qilish narvonida oʼquv minorasining toʼrtinchi qavatiga koʼtarilish" yakunlariga ko‘ra yuqori natija qayd etgan sportchilar qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Chempionat bahslari davom etmoqda.









