Qutqaruvchilar ko‘pkurashi g‘oliblari Favqulodda vaziyatlar vazirining maxsus sovg‘asi bilan taqdirlandi
2026-08-01 18:35:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi Maxsus qutqaruv otryadlari o‘rtasida o‘tkazilgan Qutqaruvchilar ko‘pkurashi bo‘yicha Respublika birinchiligi o‘z yakuniga yetdi. To‘rt kun davom etgan musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 15 ta terma jamoa qutqaruvchilik kasbining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar texnogen va tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish, vayronalarda insonlarni qutqarish, transport hodisalari va radiatsion-kimyoviy avariyalarda harakat qilish, suvda hamda suv ostida qutqaruv ishlarini bajarish, tog‘ va qoya sharoitida ishlash, shuningdek, maxsus kuch mashqlari va kross-fit yo‘nalishlarida o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi.
Musobaqaning har bir sharti bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar hamda alohida yo‘nalishlarda yuksak mahorat ko‘rsatgan qutqaruvchilar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, kuch ishlatish mashqlari bo‘yicha shaxsiy hisobda sovrindorlar, eng yaxshi otryad komandiri hamda sohalar kesimidagi eng yaxshi qutqaruvchilar ham munosib e’tirof etildi.
Bosqichlar bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar yakuniga ko‘ra tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlari, suvda qutqaruv hamda kuch ishlatish mashqlari bo‘yicha g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlandi.
Nihoyat, musobaqaning eng kutilgan lahzasi ham yetib keldi. Umumjamoa hisobi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi e’lon qilinib, Respublika birinchiligining mutlaq chempionlari aniqlandi.Unga ko‘ra:
• 3-o‘rin — Toshkent shahar FVBB terma jamoasi;
• 2-o‘rin — Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB terma jamoasi;
• 1-o‘rin — Toshkent viloyati FVBB terma jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ayniqsa, Respublika birinchiligida mutlaq g‘olib bo‘lgan Toshkent viloyati FVBB terma jamoasiga Favqulodda vaziyatlar vazirining maxsus sovg‘asi — zamonaviy yong‘in-qutqaruv avtomobili topshirilgani taqdirlash marosimining eng unutilmas va tantanali lahzasiga aylandi. Mazkur maxsus texnika qutqaruv xizmati salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladigan munosib e’tirof sifatida baholandi.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar musobaqa ishtirokchilarining yuqori kasbiy mahorati, jismoniy tayyorgarligi va favqulodda vaziyatlarda tezkor hamda hamjihatlikda harakat qilish ko‘nikmalari yuksak baholanganini ta’kidladilar.
Toshkent viloyati mezbonlik qilgan mazkur Respublika birinchiligi nafaqat sog‘lom raqobat, balki qutqaruvchilarning amaliy tayyorgarligi, tajriba almashuvi va kasbiy mahoratini yanada takomillashtirishga xizmat qildi. Eng muhimi, ushbu musobaqalar yurtimizda inson hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki xavfsizligi ishonchli va malakali qutqaruvchilar qo‘lida ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirilib, ularning kelgusi xizmat faoliyatiga ulkan zafarlar va yangi muvaffaqiyatlar tilab qolindi.









