O‘zbekiston FVV ishchi guruhi Airbus Helicopters kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi
2026-06-18 16:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 17-iyun kuni Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishchi guruhi Airbus Helicopters kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida kompaniya mutaxassislari tomonidan H145 rusumli vertolyotning texnik-taktik xususiyatlari, ekspluatatsion imkoniyatlari hamda uni qidiruv-qutqaruv, tibbiy evakuatsiya va boshqa maxsus operatsiyalarda qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, vazirlik vakillari vertolyotlarni loyihalash va ishlab chiqarish jarayoni, yig‘ish liniyalari, sifat nazorati tizimi hamda sinov bosqichlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida aviatsiya sanoatida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or ishlab chiqarish standartlari haqida batafsil ma'lumotlar olindi.
Tashrif yakunida tomonlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zamonaviy aviatsiya texnikasining o‘rni, H145 vertolyotining amaliy imkoniyatlari hamda ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.





