Elektron xizmatlarni takomillashtirish va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish masalalari muhokama qilindi
2026-06-16 10:25:00 / Yangiliklar
Kecha, 15-iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi doirasida ishchi uchrashuv oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi loyiha offisi masʼul xodimlari hamda vazirlik vakillari ishtirok etib, davlat xizmatlarini soddalashtirish va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda vazirlik tizimida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish va raqamli xizmatlar ulushini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, vazirlik faoliyatida fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ruxsat berish va xabardor qilish tartiblarini soddalashtirish, xizmatlardan foydalanish qulayligini oshirish hamda aholi uchun vaqt va mablagʻ sarfini kamaytirishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda aholini islohotlar jarayoniga faol jalb etish boʻyicha kommunikatsiya ishlari yuzasidan ham takliflar muhokama qilindi.


