Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari boshchiligida Buxoro viloyatida zararli chigirtkalarga qarshi olib borilayotgan tadbirlar oʻrganildi
2026-06-15 17:20:00 / Yangiliklar

Oʻrganish davomida Buxoro viloyati FVB, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi hamda boshqa daxldor tashkilotlar hamkorligida Romitan tumanining Gazli shaharchasida tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati koʻzdan kechirildi. Bundan tashqari Olot tumani, Jondor va Qorakoʻl tumanlarining Qandim massivi va boshqa hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishilib, hamkorlikdagi tadbirlar muhokama qilindi. Shuningdek, zararli chigirtkalar tarqalgan hududlarda maxsus texnika va vositalar yordamida olib borilayotgan kimyoviy ishlov berish jarayonlari oʻrganildi.
Shuni alohida aytish joizki, viloyatning zararli chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori boʻlgan 9 ta tumanda 15 ta nazorat kuzatuv postlari tashkil etilib, har 4 soatda postlardan olingan vaziyat haqidagi maʼlumot viloyat shtabiga taqdim etib borilishi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari tomonidan dala sharoitida olib borilayotgan ishlarning samaradorligi, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi hamda mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish ishlari barcha masʼul tashkilotlar hamkorligida qatʼiy nazorat ostida davom ettirilmoqda.









