Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi
2026-06-13 14:00:00 / Yangiliklar

Dastlab, “Oilaga sharqona sadoqat” mavzusidagi uchrashuvda oilaviy qadriyatlar, harbiy xizmatchi oilasining jamiyatdagi oʻrni, harbiyning turmush oʻrtogʻi boʻlishning mas’uliyati va mashaqqati hamda Toʻmaris izdoshi boʻlgan matonatli ayollarning fidoyiligi haqida soʻz yuritildi. Ularning tibbiy salomatligini ta'minlash maqsadida tibbiy koʻriklar, psixologik treninglar va sport oʻyinlari tashkil etildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida tashkil etilgan “Kitobxon oila” koʻrik-tanlovida mutolaa madaniyati, oilalarda kitobxonlik an’analarini rivojlantirish va ma’naviy muhitni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tanlov yakunida gʻoliblar munosib taqdirlandi.
Tadbirlar doirasida FVB tizimida xizmat burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila a’zolari holidan ham xabar olinib, ularga ma’naviy dalda va e’tibor ko’rsatildi. Marhum qutqaruvchilarning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etilib, ularning oila a’zolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
Mazkur tadbirlar oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish hamda fidokorona xizmat qilayotgan xodimlar oilalariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish orqali jamiyatda yuksak ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.







