Jizzax viloyatida yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
2026-06-08 11:30:00 / Yangiliklar

Dastlab, Arnasoy tumanidagi fermer xo‘jaliklari hududlarida joylashgan membrana qoplamali suv havzalarida xavfsizlik holati ko‘zdan kechirildi. Suv havzalari atrofidagi ogohlantiruvchi belgilar, himoya to‘siqlari va qutqaruv vositalarining holati o‘rganilib, mas’ullarga xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, “Aydar-Arnasoy” turistik zonasi hamda “Aydarko‘l Resort” sog‘lomlashtirish markazida dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, suv havzalarida xavfsizlikni ta’minlash holati va kichik hajmli kemalardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi o‘rganildi. Nazorat tadbirlari davomida texnik nosozliklari mavjud hamda xavfsizlik talablariga zid ravishda foydalanilgan 7 ta kichik hajmli kema vaqtinchalik saqlash maydoniga joylashtirildi.
Shundan so‘ng, fermer xo‘jaliklari dalalarida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi texnikalarining sozligi hamda ularning birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanganlik holati ko‘zdan kechirildi.
Bundan tashqari, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida cho‘kish bilan bog‘liq hodisalar hamda g‘alla mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, shuningdek, o‘rnatilgan ogohlantiruvchi bannerlar holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.







