Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosarining Sirdaryo viloyatidagi keng koʻlamli oʻrganish ishlari davom etmoqda
2026-06-05 14:35:00 / Yangiliklar

Shuningdek, gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, texnikalar va yongʻin oʻchirish vositalarining shayligi nazorat qilindi. Fermerlar va masʼul xodimlarga amaliy tavsiyalar berildi.
Sardoba tumanidagi membranali qoplamali suv havzalarida xavfsizlik holati oʻrganilib, fuqarolar, ayniqsa voyaga yetmaganlar oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Suv havzalari atrofidagi ogohlantiruvchi belgilar va himoya vositalarining holati tekshirildi.
Tashrif davomida mahalla muhofaza xonasi faoliyati ham oʻrganilib, favqulodda vaziyatlar davlat nazorati inspektorlari tomonidan aholi xavfsizligini taʼminlash, profilaktik tadbirlarni tashkil etish va xavf omillarini bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Bundan tashqari, Sayxunobod tumanidagi “Guliston neft bazasi” MCHJda xabardor etish orqali nazorat tartibidagi tekshiruv oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida korxonaning operatorlar binosi, laboratoriyasi hamda yotoqxona binolarida qoʻpol ravishda yongʻin xavfsizligi qoidalarining bir qator talablari buzilgani aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar va mavjud yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli, insonlar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan holatlarning oldini olish maqsadida mazkur binolarning faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.
Aniqlangan kamchilik va qoida buzilish holatlari bartaraf etilganidan soʻng, faoliyat olib borilishiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, yongʻin xavfsizligi tizimlarini meʼyoriy talablar asosida qayta tiklash hamda xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan korxona masʼullariga tegishli koʻrsatmalar berildi.







