Azizbek Ikramov boshchiligidagi FVV delegatsiyasi Tojikistondagi xalqaro o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi
2026-05-25 22:50:00 / Yangiliklar

O‘quv mashg‘ulotlari ssenariysiga ko‘ra, Tojikiston hududida kuchli zilzila sodir bo‘lib, u qator og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan.
Tabiiy ofat oqibatida yuzlab turar joylar, shifoxonalar, maktablar hamda boshqa infratuzilma obyektlari vayron bo‘lgan. Qurbonlar va jabrlanganlar mavjud. Ayrim hududlarda favqulodda vaziyat transchegaraviy tus olgan.
Mahalliy qutqaruvchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan qutqaruv otryadlari jalb etildi. Zilzila natijasida bir qator ikkilamchi favqulodda vaziyatlar — sanoat obyektlarida yong‘inlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida uzilishlar va boshqa holatlar yuzaga keldi.
Barcha qutqaruv va tezkor xizmatlar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga zudlik bilan kirishdi. Xususan, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, vayronalar orasidan insonlarni qutqarib olish, jabrlanganlarga dala gospitali sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatish hamda yong‘inlarni bartaraf etish ishlari amalga oshirildi. Hamkorlikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida barcha belgilangan vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Ta’kidlash joizki, bunday o‘quv mashg‘ulotlari Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida transchegaraviy xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.






