Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov boshchiligidagi delegatsiya Tojikiston Respublikasi poytaxtida o‘tkazilgan qator xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi
2026-05-25 22:40:00 / Yangiliklar

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘li hududlarda suv va iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarni monitoring qilish, baholash va boshqarishga oid dolzarb ilmiy-amaliy masalalarni muhokama qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil etish, shuningdek, ilg‘or tajriba va zamonaviy monitoring usullari asosida tog‘li hududlarning barqarorligi hamda xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha strategik tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Forumning ikkinchi qismida Markaziy Osiyo davlatlarining favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlari transchegaraviy xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir davomida mutaxassislar kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi, delegatsiyalar rahbarlarining ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, forumlarda qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.






