Ochiq muloqot tashkil etildi
2026-05-21 21:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tadbirkorlik subyektlarini uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolar, amaliyotdagi to‘siqlar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama markazida bo‘ldi. Unda, Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik X.T.Sotiyev boshchiligidagi mutaxassislar, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida, tadbirkorlik subyektlarini uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolar bilan birga, favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan tekshiruv va profilaktik tadbirlar jarayonlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlarning murojaat va takliflari tinglanib, mas’ul tashkilotlar tomonidan ularning yechimiga oid zarur tushuntirish va tavsiyalar berildi. Ta’kidlanganidek, tadbirkorlik faoliyati uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, shu bilan birga yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.






