Andijon viloyatida kompleks profilaktik tadbirlar o‘tkazildi
2026-05-14 22:10:00 / Yangiliklar

O‘rganishlar doirasida viloyatda joylashgan muhim obyektlardan biri — “Kamprovot suv tozalash inshooti”da to‘satdan xavf signali berilib, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish, kuch va vositalarning shayligini sinovdan o‘tkazish maqsadida maxsus taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
Shuningdek, mavsum oldidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi hamda suv havzalarida nazorat ishlari atroflicha o‘rganildi.
Bundan tashqari, viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosida 2026-yil manzilli dastur asosida amalga oshirilayotgan qirg‘oq mustahkamlash ishlari joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga, “G‘alla – 2026” mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida don yetishtirish hududlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnika va agregatlarning sozligi, mas’ul xizmatlarning doimiy shay holatda bo‘lishi kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Olib borilgan o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriq va tavsiyalar berildi. Barcha yo‘nalishlarda profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kengaytirish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish vazifalari belgilab berildi.









