Ikkinchi jahon urushi faxriylariga Prezident sovgʻalari topshirildi
2026-05-08 16:30:00 / Yangiliklar

9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami har yili yurtimizda keng nishonlanishi anʼanaga aylangan. Ushbu sana xalqimiz qalbida mangu muhrlangan tarixiy xotira, Ikkinchi jahon urushida qoʻlga kiritilgan gʻalaba hamda millatimizning jasorati va matonati timsoli sifatida alohida qadrlanadi.
Favqulodda vaziyatlar vaziriligi rahbariyati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, Leningrad qamali va Konslagerda boʻlganlar Fedin Fedor Semenovich, Kireeva Lyubov Semenovna, Smolich Yuriy Georgevich va Martinova Nina Fedosovnalar xonadoniga tashrif buyurib, bayram munosabati bilan yoʻllangan Prezident tabrigini oʻqib eshittirdi va pul mukofotlari hamda bayram sovgʻalari topshirildi.
Faxriylar yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va bugungi dorilomon kunlarga shukronalik bildirib, kelajak avlodning baxtu kamoli, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida ezgu tilaklarini bildirdi.
Tadbir faxriylar uchun samimiy voqealarga boy boʻlib, harbiy sanʼatkorlar ijrosidagi diltortar qoʻshiqlar bayramona muhitni yanada fayzli etdi.









