Tinchlik va osoyishtalikni asrash, tarixiy xotirani ulugʻlash — muqaddas burch
2026-05-07 12:05:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya masʼul rahbarlari, harbiy faxriylar, harbiy oliy taʼlim muassasalari kursantlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda bugungi kunda sohada bir qator strategik ahamiyatga ega qonun loyihalari parlamentda koʻrib chiqilayotgani taʼkidlandi. Jumladan, “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Faxriylar toʻgʻrisida”gi, “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlari shular jumlasidandir.
Ushbu hujjatlar harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xizmat maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlash hamda davlatning mudofaa salohiyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Soʻzga chiqqan soha faxriylari oʻzlarining koʻp yillik xizmat faoliyati, boy hayotiy tajribasi hamda Vatan himoyasi yoʻlidagi mashaqqatli sinovlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Nuroniylar yosh avlod tarbiyasida milliy gʻurur va fidoylik tuygʻusi eng muhim omil ekanini taʼkidlab, bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetish, harbiy qasamyodga sodiq qolish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.




