Favqulodda vaziyatlar vazirligi faxriylari ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi" tashkil etildi
2026-04-23 19:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda, faxriylar iste’fodagi general-mayor Axmedov Qosimali, iste’fodagi polkovniklar Inogamov Faxriddin, Mirfayziyev Mirkamol, Mirzaitov Mirzoxid, Toshkent shahar FVBB yosh harbiy xizmatchilari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida faxriylar o‘zlarining hayot yo‘li, bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli yo‘llari haqida to‘lqinlanib so‘z yuritdilar. Ular orttirgan boy hayotiy tajriba, sinov va saboqlarga boy yillar xotiralari orqali yoshlarga ibrat bo‘ladigan fikr-mulohazalar bildirdilar. Har bir yutuq ortida mashaqqatli mehnat, sabr-toqat va qat’iyat mujassam ekanini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, faxriylar bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlarga alohida to‘xtalib, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikni yuksak baholadilar. Ular yoshlarni ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, bilim olishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga chorladilar.
Uchrashuv davomida ko‘plab yoshlar qutqaruvchi bo‘lish istagini bildirib, bu sharafli va mas’uliyatli kasbga qiziqishlari ortib borayotganini ta’kidladilar. Bu esa yoshlar orasida Vatanga xizmat qilish, inson hayotini asrash kabi yuksak qadriyatlarga bo‘lgan intilish tobora mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etdi.






