Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.Ikramov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekiston Respublikasidagi vakili Rehina Mariya Kastijio o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-04-14 19:10:00 / Yangiliklar

Bugun, Fuqaro muhofazasi institutida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Unda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholining, ayniqsa bolalar va yoshlarning xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlovchi Memorandum imzolandi.
Mazkur Memorandumning asosiy maqsadi — tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, iqlim o‘zgarishi hamda turli favqulodda vaziyatlarning bolalar va yoshlar hayoti va sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini minimallashtirishdan iboratdir.
Bundan tashqari, tomonlar bolalar va yoshlarni ta’lim, amaliy mashg‘ulotlar hamda maxsus tayyorgarlik dasturlari orqali faol jalb etish, ular orasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik kelgusida favqulodda vaziyatlarga tayyor, bilimli va mas’uliyatli yosh avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida institutda mehmonlar uchun sayohat tashkil etilib, unda zilzila tarixi muzeyi, zilzila simulyatori, yong‘in xavfsizligi va birinchi yordam trenajyorlari hamda boshqa favqulodda vaziyatlar sharoitida to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlovchi 3D o‘lchamdagi virtual dasturli interaktiv xonalar batafsil tanishtirildi.







