FVV qutqaruvchilari Toshkent viloyati togʻlarida yoʻqolib qolgan 4 yoshli bolani topdilar
2026-04-14 09:55:00 / Yangiliklar
Hodisa 13-aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi togʻlarda sodir boʻlgan. Olti nafardan iborat oila tarkibida 4 yoshli bola ham boʻlgan, ular dam olish uchun yoʻlga chiqqan. Sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda ular togʻ choʻqqisidagi qorlarni koʻrish maqsadida yuqoriga koʻtarilishgan. Aynan shu joyda kattalar bolani unutib qoldirib, dam olishni davom ettirish uchun pastga tushib ketishgan. Bolaning yoʻqligi taxminan 40 daqiqadan soʻng maʼlum boʻlgan.
Shundan soʻng bolaning yaqinlari zudlik bilan FVVning navbatchilik qismiga xabar berishgan. Yoʻqolgan bolani qidirish ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari, shuningdek “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari darhol jalb etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan.
Natijada, 14-aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan. Qutqaruvchilarning soʻzlariga koʻra, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan topilgan. Topilgan vaqtda bola tizzasigacha qor ichida jim holda turgan boʻlgan.
Bola yaqinlariga sogʻ-salomat topshirilgan. Hozirda u oʻz uyida, ahvoli yaxshi.
