Diqqat eʼlon!
2026-02-09 16:45:00 / Yangiliklar
Qabul jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademiyaga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning hujjatlari doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlari, harbiy xizmatchilarniki esa oʻzining xizmat joylarida rasmiylashtiriladi.
Akademiyaga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlar doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat etadilar.
Akademiyaga oʻqishga kirish uchun arizalar va bildirgilar joriy yilning 1-fevral kunidan 31-mart kunigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Akademiyaga oʻqishga — oʻn yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha boʻlgan, shu jumladan oʻqishga qabul qilingan yili oʻn yetti yoshga toʻladigan fuqarolar, shuningdek oʻn sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha boʻlgan, shu jumladan oʻqishga qabul qilingan yili oʻn sakkiz yoshga toʻladigan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek yigirma olti yoshgacha boʻlgan va Akademiyada oʻqish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining talabalari qabul qilinadi.
Oʻqishga nomzodlarning boʻyi 165 sm va undan yuqori boʻlishi shart.
Akademiyaga kursantlar kontingentini sifatli butlash uchun quyidagi saralab olish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- harbiy-professional yoʻnalish;
- dastlabki saralab olish;
- test sinovlari.
Harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha tadbirlar harbiy xizmatchi kasbining mohiyatini va unga qoʻyiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda oʻtkaziladi
Birinchi bosqich: fuqaro yoshlar uchun – mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni oʻtash joyida,
1-fevraldan 10-aprelga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.
- hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
- yakka tartibdagi suhbat;
- birlamchi tibbiy koʻrik.
Ikkinchi bosqich: fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boʻyicha bo‘limlari va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11-apreldan 31-mayga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.
- individual-psixologik oʻrganish;
- umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash;
- yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
Qabul imtihonlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan majburiy blokda – ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq), matematika, Oʻzbekiston tarixi fanidan hamda mutaxassislik boʻyicha – matematika, fizika fanlaridan test sinovlari oʻtkaziladi.
Akademiyaga oʻqishga topshirgan nomzod dastlabki saralab olish tadbirlaridan muvaffaqatli oʻtgan nomzodlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga muvofiq belgilangan tartibda imtiyozlar qoʻlaniladi.
Oʻqishga qabul qilingan nomzodlar oʻqish jarayonida bepul mavsumiy kiyim-bosh, barcha sharoitga ega yotoqxona, oziq-ovqat va pul taʼminoti (stipendiya) bilan taʼminlanadilar. Akademiyada quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ofitser kadrlar tayyorlanadi:
1. “Yongʻin xavfsizligi” bakalavryat taʼlim yoʻnalishi;
2. “Texnosfera xavfsizligi” bakalavryat taʼlim yoʻnalishi;
Akademiyani tamomlagan bitiruvchilar leytenant harbiy unvoniga, bakalavr muxandis diplomiga ega boʻladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida oʻquv jarayoni oʻqitishning eng zamonaviy texnik jihozlari bilan taʼminlangan boʻlib, oʻquv-laboratoriya binolari, tibbiyot xizmati va maishiy xizmat, maʼnaviyat hamda maʼrifat markazi va shunga oʻxshash obyektlar kursantlarning bilim olishlari va shugʻullanishlari uchun doimo shay holatda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida olib borilayotgan oʻquv mashgʻulotlarining amaliy idoralar tajribalari bilan uygʻunlashtirilishi, kursantlarning Toshkent shahrida sodir boʻlayotgan favqulodda holatlarni oldini olish va bartaraf etishga jalb etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Kursantlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlab olib borish ustuvor vazifalardan biri ekanligini inobatga olgan holda, Akademiyada muntazam ravishda amaliyot xodimlari bilan uchrashuvlar, davra-suhbatlari uyushtiriladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi yurt va Vatan shaʼnini har narsadan ustun qoʻyadigan, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish uchun sidqidildan xizmat qiladigan xavf- xatardan qoʻrqmaydigan oʻtyurak mutaxassislarni tayyorlaydi.
Manzil: Toshkent shahar, Yangihayot tumani Doʻstlik koʻchasi 5-uy. Murojaat uchun telefon: Tel/Faks: 71-258-56-57
