Oliy Majlis Senatida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Unda FVV vakillari va Akademiya kursantlari ham ishtirok etdi.
2026-01-12 17:35:00 / Yangiliklar

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan seminarni Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxanov ochar ekan, Prezident Sh. Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar hamda dinlararo doʻstlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha belgilab bergan vazifalarga eʼtibor qaratdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlar davlat mustaqilligi, chegaralarning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashning chinakam kafolatiga aylanib borayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz yoshlarni vatanparavarlik ruhida tarbiyalashda mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda. Eng muhimi, xalq bilan armiya yaqin boʻlayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʻishlamoqda.
Senatorlar milliy armiyamizning yurtimiz tinchligi, mustaqilligi va xavfsizligini taʼminlashdagi oʻrni hamda zamonaviy xavf-xatarlar sharoitida oliy qonun chiqaruvchi organning yaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish borasidagi masʼuliyatini ham alohida qayd etdi.
Shuningdek, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar xotirasiga, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashishda ishtirok etgan vatandoshlarimizning oʻlmas jasoratiga chuqur hurmat-ehtirom izhor etildi.







