Hurmatli ofitser va serjantlar, xizmatchi xodimlar, qadrli faxriylar!
2025-12-31 14:15:00 / Yangiliklar
O‘tib borayotgan yil mamlakatimiz, jamiyatimiz, xususan, vazirligimiz uchun salmoqli ishlarga boy bo‘ldi. Bu avvalo, Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida Yangi O‘zbekiston hamda “Uchinchi Renessans”ni barpo etish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning samarasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqda, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash amaliy dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari yurtimiz aholisi va hududlarini tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan himoya qilish bilan bir qatorda, e’tiborga muhtoj yoshlarni otaliqqa olish va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kabi davlat dasturlarida faol ishtirok etib, xayrli va savobli ishlarga barakali hissa qo‘shib kelmoqdalar.
O‘tgan davr mobaynida vazirlik shaxsiy tarkibining sa’y-harakati bilan yuzlab favqulodda vaziyatlar oldi olindi, mingdan ortiq fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi, tizimli profilaktik tadbirlar natijasida yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarning salmog‘i sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"da ham yurtimiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizim xodimlarining asosiy vazifasi bo‘lib qolaveradi.
Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qizg‘in qutlagan holda, Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadoningizga fayz-baraka tilayman.
Mashaqqatli, ammo sharafli xizmat faoliyatingizda omad va muvaffaqiyat yor bo‘lsin!
Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Hurmat bilan,
VAZIR
general-mayor
B. Kudratxodjayev
