Samarqand shahrida Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida respublika seminari oʻtkazildi
2025-11-22 15:20:00 / Yangiliklar
Samarqand shahrida O‘zbekiston Mahalla uyushmasi, shuningdek, uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda 208 ta shahar va tuman bo‘limlari vakillari ishtirokida mahallalarda “Xatlov” tadbirini o‘tkazish bo‘yicha “yettilik” va tegishli mas’ullarni bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan respublika o‘quv seminari o‘tkazilmoqda. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari X. Sotiyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF–185-son Farmoni va PQ–310-son qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan ma’ruza qilindi.

Ma’ruzada mahallalarda profilaktika tadbirlarini “mahallabay” va “xonadonbay” amalga oshirish mexanizmlarining joriy etilgani, har bir inspektorga 4 ta mahalla biriktirilgani, shuningdek “Mahallamizni favqulodda vaziyatlardan himoyalangan hududga aylantiramiz” shiori asosida ishlar olib borilishi ta’kidlandi. Bu tadbirlarini amalga oshirish mahalla yettiligi va inspektorlar hamkorligida bajarilishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, har bir mahalla uchun alohida “Xavf indikatori” ishlab chiqilib, xonadonlar xavf darajasiga ko‘ra “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilayotgani, “qizil” toifadagi xonadonlarda kuchaytirilgan profilaktika tadbirlari o‘tkazilayotgani va ularni bosqichma-bosqich “yashil” toifaga o‘tkazish choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Inspektorlarning “eksteritorial” tamoyil asosida faoliyat yuritishi, ya’ni “yashil” hudud inspektorlarining “qizil” hududlarga biriktirilishi haqida tushuntirishlar berildi. Mahalla fuqarolari yig‘inlari hamda huquq-tartibot bo‘linmalarida “Mahalla muhofazasi” xonalari tashkil etilishi, profilaktika tadbirlarining to‘liq raqamlashtirilishi hamda jarayonlarga mahalla yettiligi va jamoatchilikning keng jalb etilishi masalalari yoritildi.
Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida “volontyor”, aholida esa “ko‘ngilli qutqaruvchi” va “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoalarini shakllantirish, shuningdek “Biz birgamiz!” umumxalq harakatini amalga oshirish haqida ham ma’lumot berildi.


