Yoshlarning asosiy maqsadi ilm olish bo‘lishi kerak
2026-02-26 19:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘z olib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlarni alohida ta’kidladi.
Kuni kecha Prezidentimiz ishtirokida yoshlar bilan o‘tgan uchrashuvda ham bilimli, tashabbuskor va fidoyi yoshlar e’tirof etilgani, farg‘onalik yigit-qizlar ham ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgani, yuqori natijalarga erishayotgan o‘g‘il-qizlar misolida aytib o‘tildi.
O‘n bir mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan Qo‘qon universitetida ham yoshlar doimo faol, izlanuvchan va tashabbuskor bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
“Eng asosiy maqsad ilm olish bo‘lishi kerak. Eng qimmat boylik bu vaqt. Uni qadrlash zarur. Inson o‘zidan barhayot nom qoldirgan ajdodlarga munosib avlod bo‘lishni niyat qilishi kerak ”, — dedi viloyat rahbari.
Shundan so‘ng yoshlarning tashabbus va takliflari eshitildi. Xususan, volontyorlik harakatini kengaytirish, bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning oldini olish, ijtimoiy faollikni oshirish borasidagi tashabbuslar bildirildi.
Tadbirkorlikni boshlash, rivojlantirish istagi aholini, yoshlarni o‘qitish, nuqsoni bor farzandlarni faol hayotga jalb etish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
"Yashil makon" loyihasi doirasida "Sardorlar bog‘i" ni tashkil etish, yangi o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shahar va tumanlarda IT markazlarni sonini ko‘paytirish va ularda yoshlar faolligini oshirish, yoshlar furumlarini tashkil etish haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Hokim va yoshlar kengashini tashkil etish tashabbusi hamda boshqa qator takliflar ilgari surildi.
Viloyat hokimi har bir bildirilgan takliflarni qo‘llab- quvvatlash, tizimli ravishda amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berdi. Ular natijadorligi nazoratga olinishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, viloyat rahbari yoshlarga o‘z faoliyatlarini kelgusida samarali yo‘lga qo‘yishlari uchun o‘z maslahatlarini ham berib o‘tdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot yoshlarning ertangi kuniga ishonchni yanada mustahkamladi.









