“Neftchi” PFK: “Kuchimiz maydonda - mehrimiz xalq bilan!”
2026-02-24 21:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, sportsevar yoshlar va muassasa tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. Marosim avvalida jamoa a’zolari tantanali ravishda kutib olindi. Qur’on tilovat qilinib, jamoaning yangi mavsumdagi zafarlari va yutuqlari uchun duolar qilindi. Bolajonlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Futbolchilar “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari holidan xabar olib, ularga esdalik sovg‘alarini topshirishdi. Bu e’tibor va mehr-saxovat muborak oyda bolajonlar qalbiga cheksiz quvonch bag‘ishladi.
So‘ngra tadbir “Muruvvat uyi” stadionida davom etdi. Yangi mavsum oldidan jamoa safiga qo‘shilgan futbolchilar - Ibrohim Shokirov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Daler Tuxsanov, Rustambek Fomin, Izzatillo Po‘latov, Xurshidbek Gʻiyosov, Ratinyo, Stipe Perisa va Asilbek Jumayev muxlislarga rasman tanishtirildi.
Marosimda so‘zga chiqqan futbol faxriysi Tohir Kapadze yangilangan tarkibga omad tilab, joriy mavsumda yuqori natijalar qayd etilishiga ishonch bildirdi. Bosh murabbiy Islom Ismoilov hamda jamoa sardori Anvar Gʻofurov yangi mavsumda yuksak marralarni zabt etish asosiy maqsad ekanini ta’kidladilar. Jamoa oldiga O‘zbekiston Superligasi va Kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritish, shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasi qo‘yildi.
“Biz birgalikda kuchmiz!” va “Mehr bilan kuchlimiz!” shiorlari ostida o‘tgan mazkur tadbir sport va insoniylik uyg‘unlashgan unutilmas voqeaga aylandi. Futbolchilar maydonda o‘z mahoratlarini namoyish etib, bolajonlar bilan birga futbol o‘ynadilar.
Ezgulik tadbirlari Farg‘ona viloyat "Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi"da ham davom etdi. Keksalar bilan samimiy muloqotlar qilinib, iftorlik dasturxoni atrofida dildan suhbat qurildi.









