Farg‘ona davlat universitetida 360 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
2026-02-10 17:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov universitet jamoasini kapital ta’mirlanib, zamonaviy va qulay sharoitlarga ega bo‘lgan talabalar turar joyi ochilishi bilan tabrikladi.
Viloyat hokimi mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, bugun oliy ta’limning nufuzi va maqomini yanada oshirish vaqti kelganini, ayniqsa, ta’lim sifatiga muhim e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, har qanday taraqqiyot va yuksalishga avvalo ilm-ma’rifat orqali erishish mumkinligini qayd etdi.
Farg‘ona davlat universiteti mamlakatimizdagi yetakchi, salohiyatli oliy ta’lim muassasalaridan biri ekani, boy tarixi va mustahkam ilmiy an’analari mavjudligi, universitet jamoasi ilm-fan rivoji, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ta’lim sifatini oshirish borasida salmoqli natijalarga erishayotganligi alohida e’tirof etildi.
Viloyat rahbari buyuk ajdodlarga munosib avlod sifatida yoshlarni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishda faollikka chorladi, Uchinchi Renessans g‘oyasini ham ayni ezgu niyatlarga hamohang ekanligini qayd etdi.
Tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov, oliy o‘quv yurti ustoz va talabalari so‘z olib, oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
Shundan so‘ng qariyb 5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilgan 360 o‘rinli 7-sonli talabalar turar joyi o‘z egalariga topshirildi.
Ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar binodagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirdan so‘ng o‘quv yurtida ilg‘or texnologiyalar asosida olib borilayotgan ishlar haqida ham viloyat hokimiga ma’lumot berildi, zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishildi.









