
Davlat tili va ma’naviy-ma’rifiy ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-sonli Farmoni ijrosini ta‘minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta‘minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qarorda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta‘minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, kirill yozuvida ish yuritishning so‘nggi muddati 2023-yil 1-yanvar etib qat’iy belgilangan.
Qaror asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da 2021–2023-yillar davomida amalga oshiriladigan 21 ta chora-tadbir belgilangan. Ular orasida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, barcha tashkilotlarda hujjat aylanishi va rasmiy ish yuritishni to‘liq lotin yozuvida olib borish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini joriy etish vazifasi ham mavjud. Ish qog‘ozlari, turli blankalar ham lotin yozuvida tayyorlanishi shartligi ko‘rsatilgan.
Mazkur talablar ijrosini ta’minlash maqsadida muassasamizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda hujjatlarning asosiy qismi lotin yozuvida yuritilmoqda. Markazdan chiqadigan rasmiy xatlarning lotin alifbosida, imlo qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda rasmiylashtirilishi doimiy nazoratga olingan.
Shuningdek, davlat tiliga qo‘yilgan talablar asosida, markaz binosining tashqi va ichki qismlarida ijtimoiy, siyosiy hamda ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan shiorlar va reklama vositalarini lotin yozuvida tartibga solish bo‘yicha keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan 2025-yil 17-aprelda tuzilgan 68/2025-sonli shartnoma asosida, markaz xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.


