
Orxus konvensiyasi

Orxus konvensiyasi nima? Bu haqida kim qanday ma‘lumotga ega? Ushbu konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasining “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risida”gi konvensiyasi hisoblanib, 1998-yil 25-iyunda Orxus shahrida (Daniya) 38 ta mamlakat tomonidan qabul qilingan. Konvensiyaga 45 ta davlat qo‘shilgan bo‘lib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga kiruvchi mamlakatlardan Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston Konvensiya ishtirokchilari hisoblanadi.
Xo’sh unda konvensiya nimani anglatadi? Konvensiya – qulay atrof-muhitga bo‘lgan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim xalqaro hujjatdir.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Orxus konvensiyasi a’zosi emas va konvensiya kotibiyati tomonidan tashkil etilgan tomonlarning tadbirlarida kuzatuvchi hamda maslahatchi sifatida ishtirok etib kelmoqda.
Yurtimizdagi iqtisodiy jadal sur’atlarni hisobga olgan holda va respublika infratuzilmasini rivojlantirish, BMTning O‘zbekistonning uchinchi Xalqaro ekologik sharhida ushbu Konvensiyaga qo‘shilish tavsiya etilgan, shu maqsadda:
1. Orxus konvensiyasi tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlar va imkoniyatlarni o‘rganish uchun, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati ishtirokida 2024-yil 1-2-iyun kunlari Toshkentda “Orxus konvensiyasi: sog‘lom atrof-muhit va barqaror rivojlanishni oqilona boshqarishda jamoatchilikning samarali ishtiroki” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistonning konvensiyaga qo‘shilish afzalliklari va imkoniyatlari to‘g‘risida manfaatdor tomonlarni xabardor qilish edi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo tabiatni muhofaza qilish idoralari vakillari, ekoaktivistlar, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar, jami 60 nafar xodimlar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida, mamlakatimizda “Orxus markazi”ni tashkil etish hamda konvensiyasiga a’zo bo‘lish bo‘yicha tahliliy ma’lumotnomani tayyorlash masalalari muhokama etildi. Ta’kidlash lozimki, xalqaro ekspertlar hukumatimizning atrof-muhitga oid siyosatlarini, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga alohida kiritilgan moddani yuqori baholadilar.
2. 2024-yil 13-15-iyun kunlari Jeneva shahrida Espo konvensiyasi va Strategik ekologik baholash bo‘yicha ishchi guruhining 12-yig‘ilishi doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida” Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etildi. Shunga ko‘ra, Kotibiyat tomonidan Qonun loyihasini Espo va Orxus konvensiyalari talablari doirasida takomillashtirish bo‘yicha Ekspertlar guruhi bilan kelishuvga erishildi.
3. 2024-yil 26-28-iyun kunlari BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi taklifiga asosan, Orxus konvensiyasi tomonlarining 27-yig‘ilishi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi delegatsiyasi Jeneva shahrida konvensiya kotibiyati bilan O‘zbekistonning unga qo‘shilishi to‘g‘risida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Davra suhbati yakuniga asosan, 2020-yilgi Ekologik faoliyat natijadorligi sharhi va atrof-muhit holati to‘g‘risida Milliy hisobotni ishlab chiqish loyihasi bo‘yicha intilishlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda “Orxus markazlari”ni ochish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
4. Jeneva shahrida Orxus konvensiyasi tomonlarining qo‘shma yig‘ilishida ishtirok etilib, Orxus konvensiyasi 3 talablarini milliy qonunchilikda, xususan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunining ishlab chiqilayotgan yangi tahriri loyihasida aks ettirilishi muhokama etildi.
Shuningdek, Orxus konvensiyasiga qo‘shilish va Ekologiya vazirligi huzurida Orxus markazini tashkil etish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritildi. Undan tashqari, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish (xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish) davomida ishlab chiqilgan “Davlat ekologik ekspertizasi va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasida Orxus konvensiyasi talablari asosida alohida normalarni kiritish taklif etilmoqda (davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartibi, davlat ekologik ekspertizasi obyektlari bo‘yicha hujjat loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etish, davlat va jamoatchilik eshituvini (Orxus konvensiyasi talablari asosida) o‘tkazishda tomonlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, jamoatchilik ekologik ekspertizasini hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartibini belgilash).
Ma’lumot uchun: Qonun loyihasi Ekologiya vazirligi tomonidan Jahon banki, BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining malakali ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi (hozirgi vaqtda, loyiha huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritilib, bu borada Ekologiya vazirligiga ma’lumot berildi).
Ko‘rilgan ishlar natijasida, 2024-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish to‘g‘risidagi Qonunni qabul qildi. Mazkur Qonun 2025-yil 22-fevralda Senat tomonidan ma’qullandi va 2025-yil 11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi. Belgilangan xalqaro tartiblarga muvofiq, 2025-yil 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi rasmiy ravishda Orxus konvensiyasining 48-a’zosi sifatida tan olindi. Bu orqali mamlakat ochiqlik, jamoatchilik ishtirokini ta’minlash va ekologik adolat tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Orxus konvensiyasiga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasida ekologik shaffoflikni oshirish, fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirish va ekologik siyosat mexanizmlarini takomillashtirish borasida yangi imkoniyatlarni ochadi. Ekologiya vazirligi kelgusida ham Orxus konvensiyasi qadriyatlarini ilgari surishni davom ettiradi, bu esa mamlakatning barqaror rivojlanishi va ekologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

