
Jamoatchilik eshituvlari

Mamlakatimizda barcha sohalarda jamoatchilik nazoratining ahamiyati tobora ortib borayotgan bugungi zamonaviy sharoitlarda atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonida ham jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalda faoliyat ko‘rsatayotgan atrof muhitga ta'sir ko‘rsatishi yuqori va o‘rtacha darajada xavfli bo‘lgan faoliyat turlarining atrof muhitga va aholi sog‘lig‘iga uzluksiz salbiy ta'sir ko‘rsatishini muhokama qilish uchun Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jamoatchilik eshituvi — atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining maqsadga muvofiqligi bo‘yicha qaror qabul qilinishini muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig‘ilish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-son qarori bilan “Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Ushbu Nizom davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilgunga qadar mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalda faoliyat ko‘rsatayotgan atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning yuqori darajada xavfli (I toifa) va o‘rtacha darajada xavfli (II toifa) faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini tartibga soladi.
Atrof muhitga ta’sirni baholash jarayonlarida jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish mazkur Nizom talablaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Ushbu Nizomda jamoatchilik eshituvini o‘tkazishni tashkil etish hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartibi tasdiqlangan.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari quyidagilar hisoblanadi:
- manfaatdor tomonlar;
- nodavlat notijorat tashkilotlar;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
- ommaviy axborot vositalari.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari vakillari jamoatchilik eshituvlarida kuzatuvchi sifatida qatnashadilar.
Tuman (shahar) hokimliklari jamoatchilik eshituvining tashkilotchisi hisoblanadi.
Jamoatchilik eshituvini o‘tkazish bosqichlari:
1 bosqich – buyurtmachi Atrof muhitga taʼsir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari obyektlari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarining texnik xususiyati bo‘lmagan rezyume shaklida ilova qilingan jamoatchilik eshituvini o‘tkazish yuzasidan arizani Ekologiyani muhofaza qilish hududiy organlariga taqdim qiladi.
2 bosqich – Ekologiyani muhofaza qilish hududiy organlari arizani qabul qiladi, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish zarur ekanligini aniqlagan taqdirda tegishli jamoatchilik eshituvlari tashkilotchisi (tuman (shahar) hokimliklari)ga jamoatchilik eshituvini tashkil etish uchun jo‘natadi (2 ish kuni).
3 bosqich – Jamoatchilik eshituvi tashkilotchisi (tuman (shahar) hokimligi)Buyurtmachi bilan jamoatchilik eshituvini o‘tkazish joyi va vaqtini belgilaydi hamda Buyurtmachi va Ekologiyani muhofaza qilishhududiy organlariga jamoatchilik eshituvini o‘tkazish joyi va vaqti haqida xabarnomani jo‘natadi. Jamoatchilik eshituvini o‘tkazish vaqti va joyi haqidagi maʼlumotni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
4 bosqich – buyurtmachi Jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi haqidagi eʼlonni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi, shuningdek, o‘z ixtiyoriga ko‘ra xabardor qilishning boshqa usullaridan foydalanadi.
5 bosqich – Jamoatchilik eshituvi tashkilotchisi jamoatchilik eshituvini tashkil etadi, o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasini rasmiylashtiradi va uning nusxasini buyurtmachiga taqdim qiladi. Shuningdek,o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvi to‘g‘risidagi maʼlumot bilan bayonnomaning bir nusxasini Ekologiyani muhofaza qilish hududiy organiga jo‘natadi.


