
Yoshlar siyosati

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasi markazida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida “ustoz-shogird” an’anasi joriy etilgan. Bu tashabbus orqali tajribali mutaxassislar yosh kadrlarga ekologik baholash, loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish hamda xalqaro ekologik mezonlar bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatmoqda.
Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida mini-futbol, shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha muntazam sport musobaqalar o‘tkazilib, markaz hamda uning filiallarida sport inshootlari faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, markaz yosh xodimlari Ekologiya vazirligi tizimidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlarida faol ishtirok etmoqda. Ushbu bellashuvlar ekologik bilimlarni boyitish, jamoaviy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish doirasida Samarqand viloyatiga sayohat tashkil etildi. Unda yoshlar tarixiy obidalar va ekologik ahamiyatga ega hududlar bilan tanishib, ularning ekologik tafakkuri, vatando‘stlik hissi va jamoaviylik madaniyati yanada mustahkamlandi.
Shu bilan birga, markaz O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika ma‘naviyat va ma‘rifat markazi hamda mahalliy fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy, intellektual va ma’naviy rivojini ta’minlash yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi.


