
Xalqaro hamkorlik

Ekologik xavfsizlik, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish — bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri. Аna shu yo‘nalishda Koreya Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
KEI Global Environment Forum 2024 – onlayn muloqot, global maqsadlar
2024 yil sentyabr oyida Koreya atrof-muhit instituti (KEI) va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamkorligida “KEI Global Environment Forum 2024” tashkil etildi.
Forum ZOOM platformasida oʼtkazilib, asosiy eʼtiborni quyidagi mavzularga qaratdi:
- atrof-muhitga taʼsirni baholash (АMTB) va strategik ekologik baholash (SEB) tizimlarini rivojlantirish;
- iqlim oʼzgarishiga qarshi innovatsion yechimlar;
- jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish;
- Koreyaning ilg‘or tajribasini Oʼzbekiston amaliyotiga tatbiq etish.
Noyabr uchrashuvlari: Toshkentda ilmiy-amaliy muloqot
2024 yil 3–7 noyabr kunlari KEI mutaxassislaridan iborat delegatsiya Toshkentga tashrif buyurib, ekologik ekspertiza, monitoring, raqamlashtirish va jamoatchilik ishtirokini tashkil etish masalalari boʼyicha qator uchrashuvlar oʼtkazdi. Shuningdek, sinov laboratoriyalari faoliyati, qonunchilik bazasi va infratuzilma bilan yaqindan tanishildi.
Muhokama etilgan asosiy mavzular:
- АMTB va SEBning huquqiy mexanizmlari;
- Orxus konventsiyasi doirasida fuqarolar ishtirokini taʼminlash;
- uglerod izini kamaytirish bo‘yicha Koreyaning muvaffaqiyatli tajribasi;
- ekologik xavfsizlikka xizmat qiluvchi raqamli texnologiyalar.
Ilm-fan va taʼlimda hamkorlik: Green University misoli
KEI delegatsiyasi Central Asia Green University faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida:
- Ilmiy tadqiqotlar;
- Qo‘shma dasturlar;
- Talabalar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Koreyalik ekspertlar universitet faoliyatini yuqori baholab, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini taʼkidlashdi.
2025 yilning muhim voqeasi — anglashuv memorandumi
2025 yil 24–29 mart kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasiga rasmiy tashrif amalga oshirdi. Tashrif doirasida KEI va Davlat ekologik ekspertizasi markazi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish nazarda tutilgan:
- АMTB va SEB tizimlarini takomillashtirish;
- Jamoatchilik ishtirokini kengaytirish;
- Milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish;
- Uglerod izini kamaytirishga qaratilgan pilot loyihalar;
- KOICA orqali grantlar va texnologiyalarni jalb etish;
- Xodimlar uchun malaka oshirish seminarlarini oʼtkazish.
Kelajakka aniq qadamlar
Seul va Sejon shaharlarida amalga oshirilgan tashriflar davomida:
- bio-resurslarni qayta ishlash markazi;
- “Baxtli shahar” Sejon markazi;
- Milmaru ekologik observatoriya faoliyati bilan tanishuv tashkil etildi.
Tashrif yakunida ekologik hamkorlikning yangi bosqichi uchun aniq rejalar belgilab olindi.


