
Ekologik ekspertiza: sohada samarali raqobat va sifatli xizmat ko‘rsatish muhitini yaratish

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish esa jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini jadal hamda barqaror rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.
2019-yilda tashkil etilgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu yo‘nalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirib, bugungi “Yangi O‘zbekiston” iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga sezilarli hissa qo‘shdi. Zero, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyot tarmoqlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda tovar va xizmatlar bozorida monopoliya darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Davlat rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining alohida davlat organi sifatida faoliyat yuritishi ham soha oldidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, 2023-yilda qabul qilingan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishda muhim normativ-huquqiy baza bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan ham ekologik ekspertiza sohasini ilg‘or xalqaro talablar asosida tartibga soluvchi tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi. Salkam chorak asr avval qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun ilmiy standartlar va xalqaro me’yorlardan kelib chiqib, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonun nomi bilan yangidan qabul qilindi.
Yangilangan qonun tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun ishonchli, shaffof va kafolatli ekologik baholash tizimini yaratishga xizmat qiluvchi aniq mexanizmlarni belgilab berdi. Jahon banki, BMT dasturlari, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi va EXHT kabi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida sohada tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro talablar qonunchilikka muvaffaqiyatli implementatsiya qilindi.
Qonun normalariga ko‘ra, soha to‘liq raqamlashtirilib, ekologik ekspertiza jarayonlarining ochiqligi va shaffofligi ta’minlandi. Bugungi kunda loyiha hujjatlarini qabul qilish va ekologik ekspertiza xulosalarini taqdim etish to‘liq eco-service.uz yagona axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa inson omilining aralashuvini cheklash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilmoqda.
Markazda Ichki nazorat xizmati tomonidan olib borilayotgan tizimli profilaktik choralar natijasida so‘nggi yillarda xodimlar tomonidan huquqbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilmagani ham sohada axloqiy va kasbiy mas’uliyat oshganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, ekspertiza jarayonida ishtirok etuvchi buyurtmachi, loyihachi va ekolog-ekspertlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab berildi. 2024-yilning o‘zida davlat ekologik ekspertizasi organlari tomonidan 32 mingga yaqin xulosa berilgan bo‘lib, shundan 700 dan ortig‘i ekologik talablar bajarilmagani sababli rad etilgan. Bu esa loyihachilarning malakasini oshirish, ularning javobgarligini kuchaytirish hamda sifatli loyihalar tayyorlash zarurligini ko‘rsatadi.
Hozirda mamlakatda 400 ga yaqin loyiha tashkilotlari faoliyat yuritib, ularda 2 mingga yaqin mutaxassis-loyihachilar ishlamoqda. Qonunga muvofiq, bunday tashkilotlar uchun reyting tizimi joriy qilinadi, loyihachilar esa majburiy malaka sertifikatiga ega bo‘lishi shart etib belgilandi. Ekolog-ekspertlar ham vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ekologik ekspertiza jarayonlarini yanada shaffof qilish maqsadida “Elektron hukumat” tamoyillariga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilmoqda. Bu tizim tadbirkorlarga hujjatlarni onlayn taqdim etish va xulosani elektron shaklda olish imkonini yaratadi.
Markazning rasmiy saytida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi, fuqarolar murojaatlari uchun “Call-markaz”, qisqa raqamli “Ishonch telefoni” hamda Telegram-botlar doimiy faoliyat yuritmoqda. Tadbirkorlar bilan yaqindan ishlash, ularning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish maqsadida Ekspertlar kengashi va teskari aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilgan.
Raqobatni rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish va hamkorlikni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda Markaz 10 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, qator davlatlarning ekologiya organlari bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirmoqda.

