Strategik ekoligik baholash

Loyiha, reja va dasturlarning atrof-muhitga ta’sirini tahlil qilish hamda ekologik jihatdan baholash orqali ushbu muammolarni hal etish muhim ahamiyatga ega.
Bu borada strategik ekologik baholash (SEB) muhim vosita sifatida xizmat qiladi.
Strategik ekologik baholash (SEB) — qarorlar qabul qilish jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash masalalarini hisobga olish imkonini beradigan global tan olingan vosita.
SEB turli iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatlarning odamlar hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirini keng qamrovli o‘rganish, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha aniq xulosalar chiqarishga qaratilgan.
Bu jarayon loyihalarning ekologik ta’sirlarini oldindan aniqlash, tahlil qilish va ularni kamaytirish choralarini ko‘rish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirishga yordam beradi.
SEB barqaror rivojlanish maqsadlari va “yashil” iqtisodiyotga o’tishni qo’llab-quvvatlaydi. U quyidagi asosiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
- Loyihaning maqsadi va ko‘lami aniqlanadi, asosiy masalalar va muammolar belgilab olinadi.
- Atrof-muhit holati haqida mavjud ma’lumotlar yig‘iladi va tahlil qilinadi.
- Jamoatchilik fikri va manfaatdor tomonlarning takliflari e’tiborga olinadi.
- Loyihaning amalga oshirilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik ta’sirlar aniqlanadi va baholanadi.
- Salbiy ta’sirlarni kamaytirish yoki oldini olish uchun tegishli o‘zgarishlar va chora-tadbirlar taklif etiladi.
- Strategik ekologik natijalari asosida loyihaning davom ettirilishi yoki to‘xtatilishi haqida qaror qabul qilinadi.
- Loyihaning amalga oshirilishi davomida atrof-muhitga ta’siri muntazam kuzatib boriladi va kerakli o‘zgartirishlar, tavsiyalar kiritiladi.
Strategik ekologik baholash bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy qonunchilikka oid uchta asosiy hujjat mavjud:
- Espo konvensiyasi;
- Strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi bayonnoma;
- Yevropa Ittifoqining “Strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Direktivasi.
Bugungi kunda, O‘zbekiston Espo konvensiyasining Strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi bayonnomasini ratifikatsiya qilmagan.
Strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi maxsus qonun hujjatlari ham mavjud emas.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga asosan Strategik ekologik baholashni milliy qonunchilikka tadbiq etish borasida saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
- Bu borada “Davlat ekologik ekspertizasi, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida” yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
- Qonun loyihasida Strategik ekologik baholash alohida bob sifatida aks ettirildi.
- Ushbu qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali” orqali jamoatchilik muhokamasiga taqdim qilinib, takliflar olindi.
- Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga kiritildi. 2024-yil 5-dekabrda Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida ko‘rib chiqilib, Senatning yalpi majlisiga muhokamaga qo‘yildi.
Hozirda Respublikada Strategik ekologik baholash bo‘yicha 2 ta namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda:
- Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining turizm sohasini rivojlantirish dasturi”ni strategik ekologik baholash namunaviy loyihasi;
- Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan hamkorlikda “O‘rmonchilik sohasini takomillashtirish dasturi” bo’yicha strategik ekologik baholashning namunaviy loyihasi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida o‘rmon xo‘jaligi tizimini rivojlantirishni strategik ekologik baholash loyihasi doirasida 2024 yil 12-iyun kuni Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ishtirokida “O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2024–2025-yillarda amalga oshirish “Yo‘l xarita”sini strategik ekologik baholash loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va “Yo‘l xarita”ning yakuniy loyihasi taqdimoti yuzasidan Konsultativ seminar o‘tkazildi.
Bo‘stonliq tumanining turizm sohasini rivojlantirishni Strategik ekologik baholash loyihasi doirasida 2024-yil 21-fevral, 14-mart, 23-may, 27-iyun va avgust kunlari Bo‘stonliq tumani va Markaz binosida Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) hamda Global Yashil O‘sish Instituti (GGGI) hamda “Civitta International” kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Shuningdek, loyiha doirasida 2024-yil 15-avgustda skrining, qamrov doirasi, asosiy tahlil va baholashning dastlabki bosqichlarini tashkil etish, strategik ekologik baholash sifatni ta’minlash va sifat nazorati, monitoring va qarorlarini qabul qilish bo‘yicha mashg‘ulot o‘quv-treningi tashkil etildi.
2024-yil 27–28-noyabr kunlari “O‘zbekistonda strategik ekologik baholashni o‘tkazish” mavzusida Davlat ekologik ekspertizasi markazi xodimlari uchun Markaz va GGGI bilan hamkorlikda interaktiv savol-javob hamda muzokaralarga asoslangan malaka oshirish seminar-treningi tashkil etildi.
2024-yil 13-dekabrda Davlat ekologik ekspertizasi markazi, “Civitta International” kompaniyasi, Global Yashil O‘sish Instituti (GGGI) tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida olib borilayotgan Strategik ekologik baholash loyihasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va tayyorlangan hisobot yuzasidan yakuniy seminar tashkil etildi.
Seminar doirasida, Davlat ekologik ekspertizasi markazi takliflari asosida ishlab chiqilgan “Strategikб ekologik baholashni o‘tkazish” bo‘yicha o‘quv qo‘llanma loyihasi taqdimoti namoyish etilib (davlat va ingliz tillarida), ishtirokchilarga tarqatildi.
