Har bir loyiha — ekologik ekspertiza va jamoatchilik nazoratida
2026-10-05 10:30:00 / Yangiliklar

Jumladan, Qashqadaryo viloyatida Davlat ekologik ekspertizasi markazi davlat muassasasi Qashqadaryo viloyati filiali hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari ishtirokida Chiroqchi tumanidagi loyiha o‘rganildi. G‘allachi mahallasi, G‘allachi ko‘chasi, 12-uy manzilida Nurboyeva Nargiza Abrayevna tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan “Qurilish mollari savdo majmuasi” obyekti bo‘yicha atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi bayonot loyihasi hujjatlari joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqildi.
O‘rganish jarayonida rejalashtirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligi, shuningdek, tegishli ruxsatnomalar va ekologik xulosalarning mavjudligi ko‘zdan kechirildi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida esa “Yangi O‘zbekiston” mahallasi hududida qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Eshituv davomida loyiha bo‘yicha tayyorlangan atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi bayonot loyihasi muhokama qilinib, aholi uchun yaratiladigan qulayliklar, qurilish jarayonining atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri va ekologik talablarga rioya etish masalalari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi jarayonida jamoatchilik nazoratini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Eshituv yakunida bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, ishtirokchilar roziligi bilan loyiha ma’qullandi.
Surxondaryo viloyati Angor tumanida ham ekologik talablar va jamoatchilik fikri o‘rganildi. “Navro‘z” mahallasida joylashgan “ANGOR AGRO KLINIKA AGROFIRMASI” MChJga qarashli mebel ishlab chiqarish sexi faoliyati yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Unda mahalla faollari, hududdagi tashkilotlar vakillari hamda Davlat ekologik ekspertizasi xodimlari ishtirok etdi. Muhokama jarayonida mebel ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta’siri, ekologik xavfsizlik talablariga rioya etilishi va aholi uchun qulay hamda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglanib, ishlab chiqarish faoliyatini ekologik talablar asosida tashkil etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Jarqo‘rg‘on tumanida esa “Paxtazavod” mahallasida joylashgan “AVTOGAZ-BOBURSHOX OIL” MChJga tegishli avtomobillarga suyultirilgan gaz, benzin va dizel yoqilg‘isi quyish shoxobchasi faoliyati yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Tadbirda mahalla faollari, yaqin hududdagi tashkilotlar vakillari hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi xodimlari ishtirok etdi. Eshituvda mazkur faoliyatning atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, hududning sanitariya va ekologik holatini muhofaza qilish hamda faoliyatni amaldagi ekologik talablar asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilarga loyiha va faoliyatga oid tegishli ma’lumotlar taqdim etilib, jamoatchilik vakillarining savollari, fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.
Bunday o‘rganish va jamoatchilik eshituvlari loyihalarni amalga oshirishda ekologik talablarga rioya etish, atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirlarni oldindan baholash hamda aholi manfaatlarini inobatga olishga xizmat qiladi.
Zero, har bir loyiha — nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ekologik xavfsizlik va jamoatchilik manfaatlari nuqtayi nazaridan ham baholanishi muhim.






