Davlat ekologik ekspertizasi markazi haqida

Davlat ekologik ekspertizasi markazi – atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat ekologik ekspertizasi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotdir.
Markazning asosiy faoliyati rejalashtirilayotgan va amalga oshirilayotgan xo‘jalik hamda boshqa faoliyat turlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash, ekologik talablar va me’yorlarga muvofiqligini ko‘rib chiqish, shuningdek, ekologik xavflarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘rganishdan iborat.
Ekologik ekspertiza O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 24-fevraldagi O‘RQ–1036-son “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi 234-son “Atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomlar asosida amalga oshiriladi.
U davlat va jamoat ekologik ekspertizasi shaklida o‘tkaziladi. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinmasdan turib, loyihalarning moliyalashtirilishi yoki amalga oshirilishi taqiqlanadi.
Ekologik ekspertiza mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilashga hamda ekologik ekspertiza obyektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini yohud mumkin emasligini aniqlashga qaratilgan tartib-taomil bo‘lib, bunda quyidagilar ekologik ekspertiza obyektlari hisoblanadi:
- qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari;
- loyihaoldi va loyiha hujjatlari;
- atrof-muhit va inson sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi ishlab turgan obyektlar;
- shaharsozlik hujjatlari;
- chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish texnologiyalari;
- maxsus huquqiy rejimga ega obyektlar;
- tabiiy resurslardan foydalanishni tartibga soluvchi hujjatlar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan ro‘yxatdagi faoliyat turlari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, buyurtmachi xohishiga ko‘ra ro‘yxatga kirmagan faoliyatlar ham ekspertizadan o‘tishi mumkin.
Ekologik ekspertizada inson sog‘lig‘i, tabiat resurslari, yer, suv, havo sifati
va ulardan oqilona foydalanish imkoniyatlari baholanadi. Atrof-muhitga taʼsir etuvchi I va II toifaga mansub loyihalar jamoatchilik eshituvlaridan keyin ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ekologik ekspertizaning asosiy prinsiplari – qonuniylik, xolislik, asoslilik
va xavfsizlikdir.
Bugungi kunda loyiha hujjatlarini qabul qilish va xulosa berish jarayonlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali raqamlashtirilgan.
2023-yilda korxona va tashkilotlarga 21 471 ta davlat ekologik ekspertizasi xulosalari berilgan. Shundan, 18 913 tasi ijobiy, 162 tasi salbiy va 2 396 tasi qayta ishlashga qaytarilgan.
2024-yilda korxona va tashkilotlarga 31 908 ta davlat ekologik ekspertizasining xulosalari taqdim etilgan. Shundan, 30 594 tasi ijobiy, 673 tasi salbiy va 641 tasi qayta ishlash uchun qaytarilgan.
2025-yilda korxona va tashkilotlarga 49 620 ta davlat ekologik ekspertizasi xulosalari berilgan. Shundan 47 011 tasi ijobiy 558 tasi salbiy va 2 051 tasi qayta ishlashga qaytarilgan.
2026-yilning to‘qqiz oyida korxona va tashkilotlarga 30 220 ta xulosa taqdim etilgan. Shundan, 26 639 tasi ijobiy, 600 tasi salbiy va 2 981 tasi qayta ishlashga qaytarilgan.
