audio

    7+
    ISSV Ekaterinburgdagi Innoprom-2024 ko‘rgazmasida ishtirok etdi

    9-iyul kuni Rossiya Federatsiyasiga tashrif dasturiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan “Innoprom-2024” sanoat mahsulotlari koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.

    Ma’lumot uchun: “Innoprom – 2024” ko‘rgazma maydoni 50 000 kv.m.ni tashkil etdi. Ko‘rgazmada Xitoy, Turkiya, BAA, Belarus va boshqa mamlakatlar mahsulotlari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma dasturida sanoatni rivojlantirish va investitsiyalar, savdo aloqalari, energetika va boshqa dolzarb mavzularda 100 dan ortiq davra suhbatlari va panel munozaralari o‘rin olgan.

    Ko‘rgazmaning asosiy tadbiri “Ufq – 2035: ShHT – jahon iqtisodiyotining o‘qi” nomli panel munozarasi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va tijorat vaziri Daniyar Amangeldiev, Qozog‘iston Respublikasi sanoat va qurilish vaziri Kanat Sharlapayev, Belarus Respublikasi sanoat vaziri Aleksandr Rogojnik, Tojikiston Respublikasining sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir hamda ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Sohail Xon ma’ruza qildilar.

    Laziz Kudratov oʻz nutqida Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) hududida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish mexanizmlarini, shuningdek, loyiha faoliyati va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan moliyalashtirish mexanizmlari joriy etishni nazarda tutuvchi yangi iqtisodiy muloqot boʻyicha hamkorlik dasturini yaratish taklifining konstruktivligini alohida taʼkidladi.

    Ko‘rgazma doirasida Rossiya Federatsiyasining qator vazirliklari, hududlari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

    Xususan, Rossiya Federatsiyasining yangi tayinlangan sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov bilan muzokaralar chog‘ida tomonlar amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish jarayonini atroflicha muhokama qildilar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqdilar.

    Umuman olganda, RFga tashrif doirasida o‘tkazilgan tadbirlar, uchrashuv va muzokaralar tomonlarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi istiqbolli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli qo‘shma ishlarni davom ettirishga ijobiy munosabati va tayyorligini yaqqol namoyon etdi.

    • view_icon 727
    : 2024-08-15 11:40:25