audio

    0+
    O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi

    Joriy yilning 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov Turkiya Respublikasi poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Oʻzbekiston-Turkiya strategik munosabatlari – kelajakning kompleks istiqbollari” mavzusiga bagʻishlangan simpoziumda ishtirok etdi.

    Turkiya Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan yirik tadbirda Turkiya Prezidenti Administratsiyasi vakillari, ikki davlatning vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi siyosatshunoslari va ekspertlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ko‘lamini kengaytirish masalalarini  muhokama qilish va kontseptual yechimlarni ishlab chiqish maqsadida yig‘ildilar.

    So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik o‘sish dinamikasining yuksak natijalarini qayd etdilar. Xususan, so‘nggi besh yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 barobar, O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 barobarga oshib, 1898 taga, Turkiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 10 barobar oshdi.

    Investitsiyaviy hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda – o‘tgan yil davomida 260 ta yangi o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi tashkil etildi va bu Turkiyani O‘zbekistondagi qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha boshqa hamkorlar orasida uchinchi o‘ringa olib chiqdi. Ikki davlat oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni 2,5 barobarga koʻpayib, haftasiga 90 taga yetdi.

    Shu bilan birga, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan samarali chora-tadbirlar, jumladan, yillik iqtisodiy o‘sish 6 foizga oshirilganligi, inflyatsiya darajasi 9 foizga pasayganligi, JST standartlariga muvofiq “To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqilganligi, EIZlarda samarali boshqaruv tizimi joriy etilganligi, soliqlar stavkalari va soni pasaytirilganligi, yirik kompaniyalar aktsiyalarini xususiylashtirish va IPOga chiqarish bo‘yicha yangi keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotganligi, Toshkent xalqaro Arbitraj markazi oz ishini boshlagani va boshqa ko‘rilayotgan choralar qayd etildi.

    O‘zbekiston tomoni Turkiya hukumati, sarmoyaviy va sanoat doiralari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari samarali mehnat qilishga chaqirildi, yangi taklif va loyihalarni hayotga tatbiq etishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik ham bildirildi.

    Tadbirda Turkiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini yuqori baholadi. Bir tomondan Turkiya tajribasi va texnologiyalari hamda ikkinchi tomondan O'zbekiston mutaxassislarining malakasi, resurslari, investitsion muhitining afzalliklari simbiozidan kelib chiqqan holda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ekspertlar fikrlari va aniq takliflar ilgari surildi.

    Simpozium yakunida bildirilgan barcha takliflar birgalikda ishlab chiqish va hayotga joriy qilish uchun qabul qilindi.

    • view_icon 381
    : 2024-06-03 18:27:31