ULUGʻ SIYMOLAR
2025-02-12 14:00:00 / Yangiliklar

Ikki buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbek xalqi tarixida yorqin sahifa ochgan, oʻz-oʻziga maʼnaviyat va maʼrifatdan mangulikka haykal qoʻygan buyuk siymolarimizdan sanaladi. Tarixchi Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida Alisher Navoiyning xizmat va fazilatlari shunday tavsiflanadi: “...to qiyomatgacha va qiyomatda ham ulugʻ hazratning yoqimli feʼllari va yaxshi ishlari zamon sahifalarida, kecha va kunduz varaqlarida mangu qolur”.
Darhaqiqat, xalq oʻz suyukli farzandi ijodiy merosini unutgani yoʻq, uning odob-axloqi folklor asarlarda afsona boʻldi. To hozirga qadar ulugʻ bobokalonimiz tavalludining keng nishonlanayotganligi, 1989-yildan boshlab har 3 yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida milliy qadriyatlar xazinasini boyitgan adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi eng yorqin va sermazmun asarlar uchun Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti berilayotgani, xalqimiz boshiga tushgan ogʻir sinov kunlarida Oʻzbekistonda ham, qoʻshni qardosh respublikalarda ham, hatto fashistlar qamal qilgan och va sovuq Leningradda ham Navoiyning 500-yilligi nishonlangani bunga yaqqol misol boʻla oladi. 1991-yili Oʻzbekistonda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilingani, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Vengriya, Qozogʻiston, Turkiya, Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Xitoy va Tojikistonda Navoiyga haykal va byustlar oʻrnatilgani, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yilni Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilingani esa barchamizga gʻurur bagʻishlaydi.
Alisher Navoiy jahon sheʼriyat xazinasini durdona asarlari bilan boyitgan, Husayn Boyqaro saltanatida davlat arbobi sifatida bunyodkorlik va maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar olib borgan, amalga oshirgan ishlari sababli “amiri kabir” (ulugʻ amir), “amiri muqarrab” (eng yaqin amir) unvonlariga sazovor boʻlgan. Xondamirning “Habib us-siyar” asarida keltirilishicha, Alisher Navoiy oʻz mablagʻlari hisobidan Xurosonda bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta koʻprik, 20 ga yaqin hovuzlar qurdirgan. Mutafakkirning tashabbusi va mablagʻi bilan qurdirilgan “Ixlosiya” majmuasi hozirga qadar butun dunyo ahli uchun oʻziga xos maʼnaviy maskan hisoblanadi.
Maʼlumki, Alisher Navoiy barcha asarlarida komil inson tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratgan. U tarbiyani oʻta jiddiy va murakkab jarayon, deb bildi.
Ulugʻ bobomiz oʻz sheʼrlarida inson axloq-odobi haqida mukammal yoʻriqnoma, dastur tuzganlarki, unga qarab oʻzimizda komil insonni tarbiyalashga harakat qilishimiz zarur.
Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay, — deya uqtiradi Navoiy.
Yaʼni, bobomizning eʼtiroflariga koʻra, kim koʻngli oʻksik bir insonni xursand qilsa, hatto yiqilgan Kaʼbani qaytadan qurgan, obod qilgan kabi savobga noil boʻladi.
Alisher Navoiyning “Nazm ul-javohir”, “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”), “Lison ut-tayr” (“Qushlar tili”), “Muhokamat ul-lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi”), “Mahbub ul-qulub” (“Qalblar sevgani”), “Xamsa” kabi asarlari xalqimiz maʼnaviyat xazinasidan munosib oʻrin egallagan. Bu asarlarda hech shubhasiz aytish mumkinki, tarbiyaning milliy asoslari yoritib berilgan.
Alisher Navoiy insonda sabr, tavoze, hilm (muloyimlik)ni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratgan, bularni komillikning muhim belgisi, zeb-ziynati, ziyolilik va barkamollikning namoyon etilishi deb bilgan, hilmni “odamiylik olamining javohirligʻ togʻi” (“Mahbub ul-qulub”) deb hisoblagan:
Komilda kerak hilm xayoli, bilgil,
Kim hilmdadir ilm kamoli, bilgil.
Allomaning fikricha, odob-axloq insonni hurmat-eʼtiborga sazovor etuvchi eng muhim va yagona etalondir, chunki odobli inson: “mansabdor kishilardan goʻzalroq va badavlat odamlardan hurmatliroqdir”. Barcha mavjud neʼmatlar inson uchun, uning baxt-saodatini taʼmin etish uchun yaratilgan ekan, inson Allohning shu marhamatiga munosib boʻlmogʻi, yaʼni odob-axloqi bilan oʻz insoniy burchini bajarmogʻi zarur.
Navoiyning hayot yoʻli yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Ulugʻ shoir odob-axloqda barchamizga namuna boʻla oladi. Yuqori mansab egasi, mamlakatning ulugʻ vaziri boʻlishiga qaramay, u hayotda kamtarin-kamsuqum inson boʻlgan. Hirotdagi Xoja Abdulla Ansoriy xonaqohida jorubkashlik (supuruvchilik) qilgan. Umrining soʻngigacha ushbu xonaqohni ozoda tutishga, shaxsan oʻzi supurib tozalashga, obod qilishga harakat qilgan. Mehnatdan or qilmagan, kibrga berilmagan.
Alisher Navoiyning tarbiyaga oid “Munshaot” asarida 104 ta maktub mavjud boʻlib, ularni mavzusiga koʻra taxminan toʻrt turga, yaʼni tabiatni tasvirlashga qaratilgan matnlar, shoh Husayn Boyqaroga davlat ishlarida koʻmaklashish maqsadida bitilgan matnlar, oʻz ijodiy faoliyati haqida Husayn Boyqaroni xabardor etib turish, pand-nasihat va tarbiyaviy mazmundagi matnlarga boʻlish mumkin. Ularda shoir mamlakat shohini kitob oʻqishga, maktablar bino qilishga, maktub yozishda uning shakl jihatidan aniq va tartibli, soʻzlari izohlangan, maʼnoli boʻlishiga diqqat qaratishga daʼvat etadi. Navoiy bolalarni bekorchi oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishiga qarshi turib, Husayn Boyqarodan: “Masjid imomiga tayinlansaki, masjid joylashgan mahalla ahlining oʻgʻil va yosh bolalariga maktab ochib oʻqitsalar”, deya iltimos qiladi.
Navoiy “Xamsa”sining ilk dostoni “Hayrat-ul abror”, oʻz-oʻzini tarbiyalash va tavba-tazarruga yoʻllovchi “Vaqfiya”, “Lisonut tayr” kabi asarlarida qat-qat hikmatlar bitilgan. “Seni yomonlikka boshlagan odam dushmaningdir” deya uqtiriladi “Hayrat-ul abror”da.
Bordur inson zotida oncha sharaf —
Kim yamon axloqin etsa bartaraf.
Inson zoti shunchalik sharafliki, agar u oʻzining yomon odatlaridan qutulib, Firʼavn kabi zulmu sitamga berilmasa, Muso alayhissalom kabi ezgu sifatlarga oshno boʻladi.
Alisher Navoiy shirin soʻzlikni inson egallashi zarur boʻlgan eng oliy insoniy qadriyat deb biladi:
Soʻz qattigʻi el koʻnglini ozor aylar,
Yumshogʻi koʻngullarni giriftor aylar, —deya uqtiradi.
Yaʼni, qoʻpol gaplar inson qalbiga ogʻir botadi, shirin soʻz esa kishilarni bir-biriga bogʻlaydi, maftun qiladi.
Shoir umrining oxirlarida 1500-yil soʻngida yozib tugatgan “Mahbub ul-qulub” asari dunyoning achchiq-chuchugini koʻrgan, goho “komronligʻ” (baxtiyorlik), goho “notavonligʻ” (baxtsizlik) topgan shoir va mutafakkirning 60 yillik hayotiy tajribalarining oʻziga xos yakuni edi. Unda tarbiyaning asosiy negizlari oʻz ifodasini topgan, deb aytish mumkin.
Xalqimizning yana bir suyukli farzandi, ulugʻ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning nomi hamisha Alisher Navoiy bilan birga yod olinishi bejiz emas. Ular tavalludining shunday oqilona ketma-ket kelganligi hamda doimo birgalikda nishonlashida chuqur ramziy maʼno bor. Bu, avvalo, Yaratganning irodasi, qolaversa, ulugʻ isteʼdod va fidoyilikning xalqimiz tomonidan haqiqiy maʼnoda eʼtirof etilganligi tufaylidir.
“Navoiy va Bobur ijodi oʻrtasida mushtarak jihatlar borligi koʻpchilikka maʼlum. Lekin ayni paytda bu ikki muhtasham ijod olami oʻrtasida bir-biridan farq qiladigan holatlar ham mavjud. Misol uchun, garchi ular oʻrtasida davr nuqtayi nazaridan katta farq boʻlmasa-da, “nazmiy tillari” turlicha. Navoiyni tushunishimiz qiyin-u, Boburni osonroq tushunamiz”, — deb yozadi adabiyotshunos olim Vahob Rahmonov.
Haqiqatan, Boburning nazmiy asarlarini tushunish hozirgi kun oʻquvchisiga ham qiyinchilik tugʻdirmaydi. Hatto bogʻcha yoshidagi bolalar ham uning axloqiy gʻoyalarini anglay biladilar:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonlik hargiz,
Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidir.
Shoir oʻquvchilarga “yaxshi inson boʻl, shunda yomonlik koʻrmaysan” deb uqtirmoqda, tarbiya bermoqda.
Ingliz tadqiqotchisi Uilyam Erskin Bobur hayotini koʻp yillar davomida oʻrganib yozadiki, insoniyat faoliyatining barcha sohasida “osiyolik shahzodalarning hech qaysisi Boburga teng kelolmaydi va uning yoniga qoʻyish uchun loyigʻini topolmaymiz”. Shuning uchun ham Javoharlaʼl Neru uni “dilbar shaxs” deb atagan edi.
Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Adabiyotshunoslarimiz taʼkidlaganidek, tarixda hech bir shoh oʻzi hayotdan koʻz yummay turib, toj-taxtni farzandiga topshirmagan. Hech bir shoh oʻzi haqida bor haqiqatni, xato-kamchiliklarini yozib qoldirmagan. Ammo shunday qila olgan komil inson yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Bobur aforizmlari uning mardonavor inson ekanini isbotlaydi: “Yomon ot bila tirilgandin, yaxshi ot bilan oʻlgan yaxshiroq”, “Oʻrniga qarab, gulga — gul, tikanga — tikan boʻl”.
Taqdir taqozosi bilan umrining salmoqli qismini Hindistonda yashab, uning madaniyati va maʼrifatini yuksaltirishga bagʻishlagan Bobur sheʼriyatida Vatan sogʻinchi, uni sevish va qadrlash mavzusi alohida oʻrin tutadi.
Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi,
Shod etmas emish koʻngulni mehnatda kishi.
Koʻnglum bu gʻariblikda shod oʻlmadi, oh!
Gʻurbatda sevunmas emish, albatta, kishi, — deya yaqinlaridan ayriliqda, oʻz yurtidan gʻariblikda yurgan kishining koʻngli shod boʻlmasligini uqtiradi.
Ona yurtga boʻlgan sogʻinchini izhor aylar ekan, Vatanining ham uni sogʻinganiga ishongisi keladi.
Behad vafou mehr sanga koʻrsatib edim,
Sen ham sogʻingʻaysen mehru vafo bila.
Bu ikki buyuk ajdodimiz ijodiy merosi va hayot yoʻli asrlar davomida insoniyatni tarbiyalash, unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish, Vatanni sevish va qadrlash, ilm, kasb-hunar oʻrganish, yuksak insoniy fazilatlarga ega boʻlish kabi masalalarda dasturilamal boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Bizningcha, taʼlim muassasalarida Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosini chuqur oʻrganish uchun oʻquvchilar oʻzlashtirishlari zarur boʻlgan badiiy, ilmiy va maʼrifiy-tarbiyaviy adabiyotlar minimumini shakllantirishimiz, oʻquvchilar bilan Navoiy va Bobur asarlari izohli lugʻatini oʻrganishga eʼtibor qaratilishi, Navoiy va Boburning pedagogik merosini chuqur oʻrganishga qaratilgan tadqiqot ishlarini amalga oshirish zarur.
Alisher Navoiy va Mirzo Bobur asarlarida ilgari surilgan odob-axloq masalalarini dastavval oila muhitiga tatbiq etish, buning uchun ota-onalar, bobo-buvilar uchun “Alisher Navoiy va Bobur farzand tarbiyasi haqida”, “Alisher Navoiy va Bobur hikmatlari”, “Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosiga murojaat” kabi mavzularda doimiy suhbatlar, ularda farzandlar bilan boʻladigan kundalik muloqot vaqtlarini koʻpaytirishga qiziqish uygʻotish bugungi yosh avlodni tarbiyalashda muhim vazifalardan biridir.
Xolboy IBRAIMOV,
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi
milliy instituti direktori,
pedagogika fanlari doktori, akademik.
