Qutlugʻ bayramlar arafasida Urganch shahrida zamonaviy madaniyat markazi binosi foydalanishga topshirildi.
2026-03-19 14:50:00 / Yangiliklar

Markazning 300 oʻrinli tomoshalar zali, ovoz yozish studiyasi, toʻgarak mashgʻulotlari oʻtkazish va repetitsiya xonalariga eng soʻnggi rusumdagi texnik vositalar oʻrnatilgan boʻlib, sanʼat ahlining erkin ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Markazning ochilish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimi Joʻrabek Raximov, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 1-oʻrinbosari Avazxon Tojixonov bugungi kunda madaniyat va sanʼatga berilayotgan eʼtibor haqida toʻxtaldilar. Yangi madaniyat markazi xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yoshlarimizni sanʼatga oshno etishda muhim oʻrin tutishi, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar har bir ijodkorni yangi yutuqlar sari ilhomlantirishini taʼkidladilar.
Yana bir yangilik, Xorazmning boy qoʻshiqchilik va raqs sanʼatini avloddan avlodga yetkazish va yanada rivojlantirish hamda buyuk hofizning nomini abadiylashtirish maqsadida Komiljon Otaniyozov nomli yangi ashula va raqs ansambli tashkil qilindi. Ansambl uchun tegishli shtat birliklari ajratilib, gastrol safarlariga chiqish uchun yangi avtobus, sahna liboslari va boshqa jihozlar bilan taʼminlandi. Endilikda bu ansambl ham ushbu yangi binoda faoliyat olib boradi. Shuningdek, madaniyat markazi binosida “Xorazm”, “Maqomchilar”, “Joziba” xalq ansambllari jamoalari ham joylashdi.
Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati









