Viloyat hokimi Jo‘rabek Raximovning 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan HISOBOTI
2026-01-24 12:20:00 / Statis va tahliliy axborotlar
Assalomu alaykum, hurmatli eldoshlar!
Muhtaram Prezidentimizning 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-410-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining 2024 -yil 17 dekabrda (502-12-0-Q/24 -con) qarori qabul qilindi.
Qarorning ijrosini ta’minlashda viloyatda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sishini ta’minlash, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Qaror ijrosini tashkil qilish bo‘yicha viloyat hokimining
2024-yil 18-dekabrda 738-son yig‘ilish bayoni bilan 77 ta banddan iborat Nazorat-reja va 136 ta banddan tashkil topgan “Yo‘l xarita” hamda viloyat Ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Hisobot davrida qarorda berilgan 213 ta topshiriqlardan
102 tasi bajarilgan, 94 tasi bajarilmoqda. Shundan, 8 ta topshiriq nazoratdan tushurilgan
“Nazorat reja”si va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlarning ijrosi tegishli boshqarma va tashkilotlar ishtirokida muntazam muhokama qilib borilmoqda.
2025-yil davomida yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘sishi sur’ati 107,9 foizga (63 trln. so‘m) bajarildi, bunda 34 trln. so‘mlik sanoat va 35 trln. so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarildi, 14,0 trln so‘mlik qurilishi ishlari hamda 37 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Hisobot davrida 102 ta loyiha doirasida 1,1 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 456 mln dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Misol uchun, Qo‘shko‘pir tumanida “Qo‘shko‘pir parranda” MChJ tomonidan 99 mlrd so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga baliqlar uchun omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirildi va 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yangiariq tumanida “Carwings Xorazm plast” MChJ tomonidan 198 mlrd so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga avtomobillar uchun plastmassa ehtiyot qismlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi va 130 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mazkur qaror viloyatdagi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish hisobiga, ayniqsa viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirishga zamin yaratmoqda.
Xususan, viloyatdagi 8 ta madaniy meros ob’ektlari (Shayx Muxtor Vali, Allaqulixon karvonsaroyi, Voyangan bobo maqbarasi, Juma masjidi, Deshan qal’a devori, Rus tuzem maktabi, Anushaxon xammomi, Ollabergan gavdanboy uyi)da 16,3 mlrd. so‘mlik ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi.
2026--yilda ham ushbu ishlar davom ettirilib, ta’mirlash-tiklash, restavratsiya va rekonstruksiya qilish ishlari uchun 37,5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Xiva shahrida “To‘rt shovvoz” madaniy meros ob’ektiga tutash hududdagi 6,2 gektar yer maydonida Hunarmandchilik markazi qurilish ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birgalikda tuman (shahar)lar markazlarida namunaviy loyihalar asosida 11 ta tunu-kun ishlaydigan zamonaviy ko‘chalar, ko‘ngilochar va savdo-servis majmualari barpo qilindi. Natijada 124 ta savdo ob’ektlari qurilib, 311 ta ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy budjetlarga 2,5 mlrd. so‘m tushumlar tushishi ta’minlandi.
2025--yilda turizm yo‘nalishidagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan Xiva shahridagi “G‘ovuk” ko‘li atrofida 1,1 trln.so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga 24,5 gektar maydonda 250 dan ortiq turizm ob’ektlarini o‘z ichiga olgan “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo qilindi.
ma’lumot uchun, majmuada 8 ta mehmonxona (1016 o‘rinli), 12 ta oilaviy mehmon uylari (106 o‘rinli), 2 000 kishilik ochiq va yopiq akvapark va attraksionlar, 30 ta savdo do‘konlari va 100 ta rastalar, 3 000 o‘rinli amfiteatr, 11 ta hunarmandlar uyi, 1000 o‘rinli avtoturargoh, 1 ta sharq bozori majmuasi (200 ta savdo rastasi, 40 ta do‘kon), 5 ta kino va konsert zallari, 9 ta restoran, 1 ta tarixiy muzey, 1 ta musiqali favvora, sayr uchun
4 km sohil bo‘yi, suv mototurizmi (skuter va katamaronlar), ko‘rgazmalar pavilioni va zargarlik markazi mavjud.
Shu bilan birgalikda, viloyatning Shovot va Yangiariq tumanlarida ziyorat turizm yo‘nalishi, Bog‘ot tumanida ekoturizm hamda sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishi, Xiva tumanida baliqchilik va ekoturizm yo‘nalishi hamda Xiva shahrida yoshlar turizmi yo‘nalishlarida turizm namoyish ob’ektlari tashkil qilinib, turistik marshrutlarga kiritildi.
Turizm targ‘iboti yo‘nalishida ham amaliy ishlar davom ettirilib, o‘tgan -yilda Ispaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Italiya kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turizm yarmarkalarida Xorazm viloyatining turizm, madaniyat va investitsion salohiyati namoyish qilinib, 400 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari bilan 700 ga yaqin kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 2025 -yilda viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 51 ta joylashtirish vositalari (20 ta mehmonxona, 26 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta xostel), 27 ta turistik tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘-yildi.
ma’lumot uchun, viloyatda bugungi kunga kelib faoliyati yo‘lga qo‘-yilgan joylashtirish vositalari soni jami 301 taga (3 816 xona,8 381 o‘rin), turistik tashkilotlar soni 132 taga yetkazildi.
Natijada viloyatga tashrif buyurgan jami turistlar soni 12,4 million nafarni, shu jumladan, xorijiy sayyohlar soni
2 million nafarni tashkil qildi.
2025 -yil davomida Hurmatli Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlar hisobiga 322 ming nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi.
Xususan, investitsiyalar hisobiga 16,5 ming nafar, doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlik hisobiga 225 ming nafar (109 foiz), qishloq xo‘jaligida 66,5 ming nafar (104 foiz) hamda qurilishda 14 ming nafar (113 foiz).
O‘tgan 2025-yil boshidan viloyatimizda 54 mingtadan ortiq kambag‘al oilalarning (oila a’zolari 241 ming nafar) 34,5 mingtasi (146 ming nafar) kambag‘allikdan chiqarildi.
Shuningdek, 45 mingtasini turmushida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lib, daromadi o‘rtacha 2,5-3 mln so‘mgacha oshdi.
Bunda, 29 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi, 9,4 ming nafariga kredit va subsidiya ajratildi, 40,5 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 7,5 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Natijada, kambag‘allik darajasi 2025 -yil boshidagi
11,9 foizdan 6,7 foizga (2 barobarga yoki 5,2 bandga) va ishsizlik darajasi 5,4 foizdan 4,7 foizga tushurishga erishildi.
Qarorga asosan 2025-yilda ham kichik va o‘rta biznesga 6,8 trln so‘m, shundan dasturlar doirasida 2,1 trln so‘m kreditlar ajratildi.
Natijada yangidan 6900 ta kichik biznes sub’ektlari, 6800 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil qilindi, 157 ming nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilib, tadbirkorlikka jalb qilindi.
Shuningdek, har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan jami 21,6 mingta mikroloyihalar amalga oshirilib, 43 ming nafarga yaqin aholining bandligini ta’minlandi.
Shu bilan birgalikda sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish uchun 1 365 ta lotda 379 gektar yer maydonlari auksion savdolarida tadbirkorlarga sotildi.
“Zarbdor tajribasi” doirasida jami 68 ta “drayver” loyihalar shakllantirilib, shulardan 21 tasi sanoat, 38 tasi xizmat ko‘rsatish va 9 tasi qishloq xo‘jaligi sohalariga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yili 80 mlrd so‘m mablag‘lar hisobiga 44 ta “drayver” loyihalarni zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun 61 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, foydalanishga topshirildi. Natijada 6 mingta yangi ish o‘rinlar yaratildi.
Qarorga asosan 2025 -yilda shahar va tumanlarning ijtimoiy va infratuzilmasini yaxshilash maqsadlariga jami 661 ta ob’ektlarga 1,2 trln so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
Ob’ektlardagi qurilish-montaj ishlariga 3 mingdan ortiq ishchi va 400 tadan ortiq texnikalar jalb etildi, 940 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Hisobot davrida 61 ta umumta’lim maktablari, 14 ta maktabgacha ta’lim va 19 ta tibbiyot ob’ektlari, 240 km ichimlik va oqova suvi tarmoqlari, 920 km avtomobil yo‘llari va 17 ta ko‘prik,
490 km elektr tarmoqlari ob’ektlari foydalinishga topshirildi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida Xorazm viloyatidagi 9 ta tumanlar hududidan o‘tgan umumiy foydalanuvdagi 188 km avtomobil yo‘llarini 98,6 mln dollar hisobiga 2025-2028 -yillar davomida mukammal ta’mirlash ishlari loyihasi boshlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Bog‘ot va Hazorasp tumanlarida 28 kmdan, Yangiariqda 19 km, Yangibozorda 11 km, Qo‘shko‘pirda 35 km, Shovotda 13,5 km va Xiva tumanida 21 km, Urganch tumanida 41,5 km, Gurlan tumanida 19 kmni tashkil qiladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi qiymati 238 mln dollar bo‘lgan “D213 “Urganch- Xonqa-Hazorasp-Amudaryo daryosi - A380” avtomobil yo‘lining 0-84 km (84km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshiriladi, ushbu loyiha doirasida 4 ta tumandan va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 1 ta tumanidan o‘tuvchi qismi sementabeton qoplama bilan ta’mirlanadi.
Ma’lumot uchun, Urganch shahrida 2,7km, Urganch tumanida
7,3 km, Xonqada 14 km, Bog‘otda 22 km, Hazoraspda 28 km, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 10 km.
Loyiha doirasida, Amudaryo ustidan ko‘prik, A380 yo‘liga tutashish joyida ikki sathda transport yechimi qurish, 49 dona ko‘priklarni kengaytirish va qurish, 3 dona yer usti va 1 dona yer osti piyodalar o‘tish joylarini qurish, 88 dona quvurlarni almashtirish va uzaytirish ishlari ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda ushbu qurilish ob’ektlari pudratchi tashkilotlarni aniqlash bo‘yicha tender savdolariga chiqarilgan.
Viloyatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida zamonaviy va yashil yondashuvlar asosida 2025-yilda jami
7 ming ta uy-joylar qurilmoqda.
Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 3 ming 200 ta, ipoteka asosida tadbirkorlar tomonidan 3 ming 800 ta xonadonli 217 ta ko‘p qavvatli uy joylar foydalanishga topshirildi.
Hozirda yana 266 ta 10 mingta xonadonli uy-joylarda qurilish ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi.
Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand 1629 nafar fuqarolarga boshlang‘ich badal sifatida jami 48,8 mlrd so‘m subsidiya hamda birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 4810 nafar fuqarolarga jami 1 trln 190 mlrd so‘m ipoteka kreditlari ajratildi.
Qarorga asosan qishloq xo‘jaligida mahsulotlar yetishtirish hajmi 5 foizga bajarilib, yuqori daromad keltiruvchi eksportbop mahsulotlarni yetishtirishga e’tibor qaratilmoqda.
2025 -yilda viloyatimizda g‘allachilikda o‘rtacha hosildorlik
95 sentnerga yetkazilib, yalpi 393 ming tonna don yig‘ishtirib olindi.
Shundan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida
110 ming tonna don davlat zahirasiga va vaqtincha saqlashga qabul qilinib olindi.
Paxtachilikda 1502 ta xo‘jaliklarning 70 ming gektar maydonlarida, 304 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilib, amalda 335 ming tonnadan ortiq yoki rejaga nisbatan 110 foizga paxta terilib, o‘rtacha hosildorlik gektaridan 48 sentnerni tashkil qildi.
Joriy yilda paxta hosilining 134 ming tonnasi yoki 40 foizi mashinalar yordamida terib olindi.
Buning uchun mavsumga 128 ta shundan 73 tasi joriy -yilda sotib olingan yangi paxta terish mashinalari jalb qilinib, bir mashinaga kuniga o‘rtacha 35-40 tonnadan terim to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga fermerlar har bir paxta terish mashinasidan 1,5 mlrd. so‘m daromad qilib, mexanizatorlarga esa 12 - 15 mln. so‘m ish haqi sifatida to‘lab berilishi ta’minlandi.
2026 -yilda yana qo‘shimcha paxta terish mashinalari sotib olish va yetishtiriladigan hosilning 80 foizini mashinalarda terib olinishini ta’minlash chora-tadbirlari belgilab olindi.
Viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanish va suv yo‘qotishlarining oldini olish maqsadida joriy yilda jami
52 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, shundan
36 ming gektar maydonlarda lazer tekislash joriy qilindi.
Irrigatsiya tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida 1 ming 600 km ichki sug‘orish tarmoqlarini va 40 km magistrall kanallarni betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Shuningdek, 2025 -yilda 15 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida 97,3 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobiga qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib 13 ming gektar yerlarning suv ta’minoti va 28 ming gektarning meliorativ holati yaxshilandi hamda bularning hisobiga 1 ming gektar yerlar qayta foydalanishga kiritildi.
Suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish jumladan, kanallarda suv sarfi va sathini masofadan monitoring qilish maqsadida 357 dona “Aqlli suv” qurilmalari, 1058 dona “Dayver” qurilmalari o‘rnatildi, 6 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi hamda 252 dona nasos stansiyalarida suv hisobini “Onlayn” monitoring qilish qurilmalari o‘rnatildi.
Shu bilan birga, viloyatda resurstejamkor loyihalarni amalga oshirilishiga ustuvorlik berilib, nasos stansiyalarini muqobil energiyaga o‘tkazish hamda ularning samaradorligini oshirish maqsadida joriy -yilda mavjud 2138 ta nasoslarni to‘liq muqobil energiyaga o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
Suv xo‘jaligida belgilangan barcha tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 2025-yilda 30 foiz yoki jami 1 mlrd kub suv iqtisod qilindi. Ekinlarda hosildorlik o‘rtacha 15-20 foizga oshib, 75 mln kVt elektr energiyasi va 135 mlrd so‘m mablag‘lar tejalishiga erishildi. Iqtisodiy samaradorlik 10-15 foizga oshdi.
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida 2025 -yilda viloyatda asosiy va takroriy ekinlar ekilgan 140 ming gektar maydonlardan jami 2 mln tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari, shundan, 66 ming tonna piyoz, 171 ming tonna sabzi, 140 ming tonna kartoshka yetishtirildi.
55 ming gektar (28,8 ming.ga asosiy va 26,7 ming.ga takroriy) maydonlardan 283 ming tonna sholi hosili yig‘ishtirib olindi
(51 s/ga).
Shuningdek, hosilli 12 ming gektar bog‘ va 3,2 ming gektar tokzorlardan 258 ming tonna meva va 55 ming tonna uzum yetishtirildi.
1 ming 200 gektar sanoatlashgan bog‘-tokzorlar tashkil qilindi (970 gektar bog‘ va 230 gektar tok).
Shu bilan birga, bahor oylarida 861 gektar bog‘lar va
1300 gektar tokzorlar rekonstruksiya qilindi.
Shuningdek, viloyatda 404 gektar maydonda 159 ta issiqxona faoliyat yuritmoqda (137 gektari gidroponika, 267 gektari tuproqda).
Ushbu issiqxona xo‘jaliklari tomonidan kuz-qish mavsumi uchun 280 gektarida pomidor, 95 gektarida bodring, 12 gektarida bulg‘or qalampiri va ko‘katlar, 14 gektarida limon yetishtirilmoqda.
Chorvachilikda 118 mlrd so‘mlik 57 ta loyiha, parrandachilik yo‘nalishida 110 mlrd so‘mlik 10 ta loyiha, baliqchilik bo‘yicha 36 mlrd so‘mlik 19 ta loyiha amalga oshirildi.
Bundan tashqari xorijdan 5 ming boshdan ziyod naslli chorva mollari olib kelindi.
Natijada, viloyatda jami 199 ming tonna go‘sht (tirik vaznda), 1 mln. 170 ming tonna sut, 498 mln. dona tuxum, 35,7 ming tonna baliq yetishtirildi.
Qaror doirasida foydalanilmasdan bo‘sh turgan viloyatdagi 18 ta davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ommaviy savdolar orqali sotilishiga ruxsat berilishi mazkur ob’ektlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini berdi.
Bugungi kunda 18 ta ob’ektdan 11 ta ob’ekt auksion savdolariga chiqarilib, 8 tasi tadbirkorlarga sotilgan.
Shu bilan birgalikda “O‘ztransgaz” AJga tegishli Urganch shahridagi ma’muriy bino Davaktiv agentligiga davlat mulki sifatida o‘tkazildi. Bugungi kunda ushbu ob’ekt negizida shaharsozlik normalari asosida zamonaviy mehmonxona va xizmat ko‘rsatish majmuasini tashkil etish sharti bilan auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, “Qo‘shko‘pir dehqon bozori” MChJning 51 foiz davlat ulushi uning bino va inshootlari negizida zamonaviy “Eko bozor”, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda aholi ko‘ngilochar majmuasini barpo etish sharti bilan sotildi.
Bugungi kunda ushbu yer maydonida yirik zamonaviy savdo kompleksi va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, 6 ta energiya tejamkor ko‘p qavatli (5-7 qavatli) uylar barpo etish ishlari boshlangan.
Qarorga asosan maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida ham ustuvor vazifalarni amalga oshirish belgilangan.
Viloyatda 70 ta oilaviy va 7 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, qamrov darajasi 83,8 foizga yetkazildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 33 ta maktabning bo‘sh turgan maydonlarida maktab, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’limni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish yuzasidan 33 ta loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangan.
Mazkur foydalanilmasdan bo‘sh turgan yer maydoni hamda bino va inshootlarda 2025-2026 -yillar davomida 33 ta tashabbuskorlar tomonidan DXSh asosida 16 ta nodavlat maktab, 15 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta maktabdan tashqari ta’lim muassasasi tashkil qilinadi.
Natijada viloyatimizda maktabgacha ta’limga qamrov darajasini qo‘shimcha ravishda 1,5 foizga oshirishga hamda
4040 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi hisobiga viloyatdagi 9 ta koeffitsienti yuqori maktablarning koeffitsientlarini
1,2 koeffitsientga tushirish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda ushbu 33 ta loyihadan 5 ta loyiha bo‘yicha (Xiva shahrida 3ta, Hazorasp va Yangiariq tumanlarida 1 tadan) nodavlat maktablar va maktabdan tashqari ta’lim tashkiloti faoliyatlari yo‘lga qo‘-yildi, 1560 dan ortiq yangi o‘quvchi o‘rni hamda 200 tadan ortiq yangi ish o‘rin yaratilishiga erishildi.
Qolgan 28 ta loyihada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Bog‘ot tumanidagi 92-sonli, Gurlan tumanidagi
43-sonli va Urganch tumanidagi 45-sonli umumta’lim maktablari negizida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari tashkil etildi.
Qarorga asosan oliy ta’lim tizimida ham ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomi berildi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali mustaqil yuridik shaxsga aylantirildi.
Urganch davlat universiteti talabalari uchun 1,5 ming o‘rinli
va Urganch davlat pedagogika instituti uchun 1 ming o‘rinli yangi o‘quv binolari qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizaga kiritildi.
Qarorga asosan 5 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga Tuproqqal’a tumanida hamda 4,5 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga Shovot tumanidagi eski tuman tibbiyot birlashmasini qayta rekonstruksiya qilish orqali “Yoshlar markazi” binolari qurilmoqda.
Viloyatning 13 ta tumani (shahri)dagi IT-parklarda 2 ming 900 dan ortiq xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda (1 194 nafari dasturlash, 606 nafari grafik dizayn, 294 nafari mobilografiya) bilimi oshirilib, ushbu maqsadlarga respublika budjetidan 2 mlrd so‘m ajratildi.
Natijada 460 nafar xotin-qizlar frilans, dizayn, mobilografiya va SMM yo‘nalishlarida o‘zining ish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida davlat-xususiy sheriklik asosida Bog‘ot va Yangibozor tumanlarida joylashgan sog‘liqni saqlash ob’ektlari hududidagi bo‘sh bino va yer maydonlarida zamonaviy tibbiy-diagnostika markazlari, Urganch tumani tibbiyot birlashmasining bo‘sh turgan yer maydonida infarkt va insultdan keyingi bemorlar uchun reabilitatsiya markazi tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birgalikda Shovot tumani “Paxtakor” mahallasidagi “Shoxobod” o‘yingohi negizida 14,2 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga zamonaviy sport majmuasi rekonstruksiya qilindi, “Tashabbus budjet” loyihasida 6 ta sport muassasalarida 7,8 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.
Shuningdek, davlat xususiy sheriklik asosida Gurlan tumani sport maktabining ochiq turgan 800 kv. metr qismida “JAVOHIR KIBER GAME SPORT” MChJ tashkil etildi.
Viloyatda 2026-yil yakuni bilan ishsizlik darajasini 4,3 foizga, kambag‘allik darajasini 3,0 foizga tushiriladi.
Bunda 49,7 ming nafar aholining doimiy bandligi ta’minlanadi, 236,7 ming nafar aholi daromadlari oshiriladi, 51,2 ming nafar aholining norasmiy bandligi legallashtiriladi.
I. “Og‘ir” tumanlarni rivojlantirish.
Viloyatda Bog‘ot, Gurlan, Qo‘shko‘pir “og‘ir” tumanlar tanlab olinib, ularni rivojlantirish bo‘yicha 2026 -yildagi asosiy vazifalar belgilab olindi.
1) sanoat yo‘nalishida:
- sanoat zonalarida bo‘sh turgan 9,1 gektar yer maydonlarda
11 ta loyihalarni amalga oshiriladi (Bog‘ot tumanda 5,1 gektar, Qo‘shko‘pir tumanida 4 gektar);
- 39 gektar maydonda yangi sanoat zonasi tashkil etiladi (Bog‘ot tumanda 3 gektar, Gurlan tumanida 35,8 gektar);
- hududiy investitsiya dasturi asosida 985 mlrd so‘mlik 38 ta sanoat loyihalari amalga oshiriladi (Bog‘ot tumanida 55 mlrd so‘m, Gurlan tumanida 231 mlrd so‘m, Qo‘shko‘pir tumanida 698,4 mlrd so‘m);
2) qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida:
- 3521 ga ijaraga berilgan yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamo-yili asosida eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi (Bog‘ot tumanda 997 gektar, Gurlan tumanda 1257 gektar, Qo‘shko‘pir tumanda
1267 gektar);
3) xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida:
- mahallalarni qamrab oluvchi 12 ta gavjum ko‘cha (Bog‘ot tumanda 2 ta, Gurlan tumanda 4 ta, Qo‘shko‘pir tumanda 6 ta)larda yo‘l bo‘yi loyihalari amalga oshrilib, 49 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘-yiladi (Bog‘ot tumanda 25 ta, Gurlan tumanda 13 ta, Qo‘shko‘pir tumanda 11 ta);
- 1 580 nafar aholini zamonaviy kasblarga o‘qitiladi (Bog‘ot tumanda 215 ta, Gurlan tumanda 750 ta, Qo‘shko‘pir tumanda 615 ta).
4) “og‘ir” tumanlarga barcha manbalar hisobidan 1754 mlrd so‘mlik (shundan 1283 mlrd so‘m kredit) moliyaviy resurslari o‘zlashtiriladi.
II. Viloyatdagi “og‘ir” mahallalarni rivojlantirish.
Kambag‘allik darajasi 8 foizdan yuqori bo‘lgan 141 ta “og‘ir” mahallalar kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi. Bunda:
1) 61 ta mahalla dehqonchilikka, 29 tasi chorvachilikka, 4 tasi Kichik ishlab chiqarishga, 14 tasi savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtiriladi;
2) mahallalardagi dolzarb masalalar aniqlanib, 321 ming nafar aholi uchun infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi;
3) 4 548 ta mikroloyihalar amalga oshiriladi va 1 150 ta xonadonga “loyiha paketlari” taqdim etiladi;
4) 141 ta mahallada 300 kVt soat quvvatga ega kichik fotoelektr-stansiyalariga zarur yer maydonlari ajratilib, ishga tushiriladi;
5) I-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 543 ta kambag‘al oilalar xonadonlari energiya samaradorligini oshirish uchun ta’mirlanib, quyosh paneli va geliokollektorlar o‘rnatiladi;
III. Urganch va Xiva shaharlarida quyidagi tajriba joriy etiladi.
1) budjetdan tashqari 65,7 mlrd so‘m (Urganch shaharda – 38,8 mlrd so‘m, Xiva shaharda – 26,9 mlrd so‘m) qo‘shimcha moliyaviy manbalar aniqlab, ularni hisobidan hududni rivojlantirishga qaratilgan biznes – reja ishlab chiqiladi.
2) mahallalar ixtisoslashuvi, joylashuvi, aholi ko‘nikmalaridan kelib chiqib, guruhlarga biriktiriladi va ularda 14 ta “loyiha ofis”larini tashkil etish orqali mahallalarni bog‘lovchi yaxlit loyihalar amalga oshiriladi.
