FIRIBGAR JAZOSINI OLDI
2025-05-21 11:05:00 / Yangiliklar

Sudlanuvchi XA (ism sharifi o‘zgartirilgan) ilgari bir necha marta sudlanganligidan tegishli xulosa chiqarmasdan 2022 yil bahor oylarida tovlamachilik yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida Sariosiyo tumanida joylashgan “Farhod” muruvvat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi direktori BDga o‘zini DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, unga DXX Uzun tumani bo‘limi uning qo‘lida ekanligini, agarda u aytgan shaxslarni muruvvat uyiga ishga qabul qilmasa, muruvvat uyiga taftish tayinlatib, jinoiy javobgarlikka torttirish masalasini ko‘rib chiqishini aytib, shu yo‘l bilan uni qo‘rqitib o‘zgadan mulkiy yoki muayyan huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishini talab qilib kelgan.
Bundan tashqari, XA jinoiy harakatlarini davom ettirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida,
2022 yil bahor oylarida Sariosiyo tumani “Shoxjaxon” mahallasida yashovchi fuqaro GSning ishonchiga kirib, uning qizi OUni Sariosiyo tumanida joylashgan “Farhod” muruvvat uyiga sanitar lavozimiga joylashtirib qo‘yishga va’da berib, undan 2.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni olib, ushbu pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Shuningdek, XA jinoiy harakatlarini davom ettirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, takroran 2023 yil noyabr oyida Sariosiyo tuman “Xulkar” mahallasida yashovchi XLning ishonchiga kirib, uni Sariosiyo tumanida joylashgan “Farhod” muruvvat uyiga kadrlar bo‘limiga ishga joylashtirib qo‘yishga va’da berib, undan 4.000.000 so‘m miqdorida pullarni olib, ushbu pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, XA jinoiy harakatlarini davom ettirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, takroran 2024 yil aprel oyida Sariosiyo tumani “Niholzor” mahallasida yashovchi ADning ishonchiga kirib, uni Sariosiyo tumanida tibbiyot birlashmasiga navbatchi feldsher lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishga va’da berib, buning evaziga undan 600 (olti yuz) AQSh dollari miqdorida pullarni talab qilib, 2024 yil aprel-iyun oylarida oralig‘ida talab qilgan pullarni to‘liq olishga erishib, ushbu pullarni o‘z manfaatlari uchun ishlatib yuborib, OKning qistovi bilan 2024 yil iyul oyida 500 (besh yuz) AQSh dollari miqdoridagi pullarni qaytarib berib, qolgan 100 (bir yuz) AQSh dollari miqdorida hozirgi kunga qadar qaytarib bermasdan kelayotgan.
Shuningdek, XA jinoiy harakatlarini davom ettirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, takroran 2024 yil noyabr oyida Sariosiyo tumani “Bog‘ishamol” mahallasida yashovchi FSni ishonchiga kirib, uni Sariosiyo tumanida joylashgan “Farhod” muruvvat uyiga uyiga hudud sanitari lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishga va’da berib, undan 400 (to‘rt yuz) AQSh dollari miqdorida pullarni olib, ushbu pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, XA jinoiy harakatlarini davom ettirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, takroran 2024 yil 22 noyabr kuni Sariosiyo tumani “Kelajak sari” mahallasida yashovchi Z.R va ShElarning ishonchiga kirib, ularni Sariosiyo tumanida joylashgan “Farhod” muruvvat uyiga ishga joylashtirib qo‘yishga va’da berib, ulardan jami 900 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, talab qilingan pullardan 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni Sariosiyo tumani hududida tanishi AT orqali olgan vaqti ushlanib, undan ushbu pullar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan.
Sudlanuvchi XA sudda aybiga iqrorlik bildirib, haqiqatdan ham, mazkur jinoyatlarni sodir etganligi tafsilotlarini bayon etib, noqonuniy ishlar qilganini tushunib yetganligini, qilmishidan pushaymonligini, boshqa bunday ishlar bilan shug‘ullanmasligini, sog‘ligi yaxshi emasligini, voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olib o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv berdi.
Sudlanuvchi XA O‘zbekiston Respublikasi JK ning 165-moddasi 1-qismi va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib unga nisbatan JK 59, 61-moddalariga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 (uch) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, jinoyat uchun jazo muqarrar ammo firibgar tuzog‘iga ilinib qolmasligimiz firibgarning ma’lum bir haq evaziga o‘z vakolat doirasiga kirmaydigan masalalarni hal qilib berishi haqidagi yolg‘on va’dalariga ishonmaslik uchun ozgina to‘g‘ri fikrlashimiz lozim bo‘ladi, zero xalqimizda “shudgorda quyruq na qilur” deb bejizga aytishmagan.
JIB Uzun tuman sudining raisi
O.Jumanov
