2026–2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi — bola huquqlarini ta’minlashda yangi bosqich
2025-12-26 18:25:00 / Yangiliklar
Bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish har qanday demokratik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bolaning xavfsiz, sog‘lom va zo‘ravonlikdan xoli muhitda voyaga yetishi jamiyatning barqaror taraqqiyoti uchun muhim omildir. Shu ma’noda, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Strategiya qabul qilinishi zarurati
Bugungi kunda bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonlik, bee’tiborlik, ekspluatatsiya hamda axborot makonidagi tahdidlar dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, zo‘ravonlikka uchragan bolalarning surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qaytadan ruhiy jarohat olishi xavfi mavjud. Shu sababli mazkur strategiya bolalarni himoya qilish tizimini kompleks ravishda takomillashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda bola manfaatlarini ustuvor tamoyil sifatida belgilashga qaratilgan.
Strategiyaning asosiy maqsad va vazifalari
2026–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyaning asosiy maqsadi — bolalarning zo‘ravonlikdan xoli, xavfsiz va munosib muhitda yashash huquqini to‘liq ta’minlashdan iborat. Ushbu maqsadgaerishish uchun quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan:
Bolalarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish
Strategiya doirasida bolalarga yordam ko‘rsatishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan. Jumladan, ishonch telefonlari va onlayn murojaat platformalari faoliyati kengaytirilib, zo‘ravonlik holatlari haqida tezkor xabar berish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, bolalar bilan ishlovchi ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida bolalar ishtirokidagi ishlarda yangi yondashuvlar
Strategiyada bolalar ishtirokidagi surishtiruv, tergov va sud jarayonlarini insonparvarlik tamoyillari asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda bolaning yoshi, ruhiy holati va shaxsiy xususiyatlari inobatga olinib, uning manfaatlari ustuvor hisoblanadi.
Yangi yondashuvlarga muvofiq, bola ishtirokidagi ishlar bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlari ixtisoslashtirilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Tergov jarayonlarida psixolog yoki pedagog ishtirokini ta’minlash orqali bolaning ruhiy himoyasi kuchaytiriladi va ikkinchi marta jabrlanishining oldi olinadi.
Sud jarayonlarida esa bolalar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish nazarda tutilgan. Sud majlislarini yopiq tartibda o‘tkazish, bolani ayblanuvchi bilan bevosita to‘qnash keltirmaslik, videokonferensiya orqali ko‘rsatma olish amaliyotini qo‘llash kabi choralar bolaning ruhiy barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Kadrlar salohiyati va profilaktika ishlari
Strategiya doirasida sudyalar, tergovchilar, surishtiruvchilar va advokatlarning bolalar bilan ishlash bo‘yicha kasbiy malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar psixologiyasi va zo‘ravonlik holatlari bilan ishlashga doir maxsus o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida bolalarga o‘z huquqlarini bilish, o‘zini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ma’rifiy ishlar kuchaytiriladi. Ommaviy axborot vositalari orqali esa bolalar huquqlariga hurmat va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ular uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan muhim dasturiy hujjatdir. Ushbu strategiyaning hayotga tatbiq etilishi natijasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kamayishi, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida bola manfaatlari to‘liq ta’minlanishi hamda jamiyatda insonparvarlik tamoyillari mustahkamlanishiga erishiladi.
Alikulov A’zamberdi Xolmatovich,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi tergov sudyasi
