“CanSat” loyihasining navbatdagi sinov parvozlari o'tkazildi!
2025-02-15 00:00:00 / Yangiliklar

250 nafar yoshlar o‘zlari yasagan mini sun’iy yo‘ldoshlarining sinov parvozini o‘tkazishdi!
Yoshlar o‘rtasida kosmik texnologiyalar, astronavtika va muhandislikka bo‘lgan qiziqishni yanada orttirish, ularning bu boradagi g‘oya, tashabbus hamda ixtirolarini qo‘llab – quvvatlash maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi “UzCanSat” loyihasining navbatdagi sinov parvozlarini Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “Yangi hayot” ochiq uchish aerodromida amalga oshirdi.
Unda 250 nafarga yaqin umumta’lim maktab o‘quvchilari va oliygoh talabalaridan tashkil topgan yoshlar jamoasi o‘zlari yaratgan mikrosputniklarning real parvozini dronlar yordamida amalga oshirib, 1000-1500 metr balandlikdan havo harorati, balandlik va bosim nazorati kabi birlamchi ma’lumotlarni qabul qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
“O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur loyiha “STEAM” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashning interaktiv usullaridan biri bo‘lib, yoshlarning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish, ularni aerokosmik sohaga jalb qilish, bu orqali yangi avlod kosmik muhandislarini yetishtirishda muhim ahamiyatga ega.
Sinov parvozlarida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Yangi O‘zbekiston universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda “Sehriyo” maktabidan 250 talaba va o‘quvchilar ishtirok etishdi. to‘plangan.
Ma’lumot uchun:
“CanSat” bu kichik konserva idishi hajmidagi mini sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, ilk bor bu loyiha 1990-yili AQSHda, “NASA” va Amerika universitetlari hamkorligida tashkil etilib, yoshlarning kosmik missiyalarda ishtirok etish ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan. Bugunga kelib esa “CanSat” uchirish musobaqalari Rossiya, Xitoy, Angliya, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi ko‘plab davlatlarda muntazam o‘tkazilmoqda va millionlab o‘g‘il – qizlarni qamrab olmoqda. “O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan esa O‘zbekiston ham mazkur mamlakatlar qatoriga qo‘shildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati









