Bir Vatan, bir el, bir bayroq
2025-11-17 09:55:00 / Yangiliklar

Har bir xalq mustahkam davlat va barqaror jamiyat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yar ekan, avvalo o‘z davlat ramzlarini shakllantirishi va ularni qonun bilan mustahkamlashi zarur. Chunki davlat ramzlari — millatning o‘zligini ifodalovchi, xalqning faxr va g‘urur manbaiga aylangan muqaddas timsollardir.
O‘zbekiston ham mustaqillikning ilk yillaridayoq o‘z davlat ramzlarini — davlat gerbi, madhiyasi va bayrog‘ini qabul qildi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i alohida o‘rin tutadi. Davlat bayrog‘i 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan bo‘lib, u xalqimizning tarixiy merosi, dunyoqarashi va ezgu intilishlarini mujassam etadi.
Bayroqdagi har bir rang va belgi chuqur ma’noga ega:
- Moviy rang — mangu osmon va tiriklik manbai bo‘lgan obihayot ramzi.
- Oq rang — muqaddas tinchlik, poklik va soflik timsoli.
- Yashil rang — tabiatning yangilanishi, navqironlik, umid va shodiyona belgisidir.
- Qizil chiziqlar esa — xalqimiz vujudida jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat va uyg‘onish ruhi ifodasidir.
- Navqiron yarim oy — xalqimizning qadimiy an’analari bilan bog‘liq bo‘lib, ayni paytda mustaqillik ramzi sifatida talqin qilinadi.
- 12 yulduz esa O‘zbekiston sarhadidagi qadimiy davlatlarda rivojlangan nujum ilmi, tarixiy yilnoma va milliy tafakkur bilan bog‘liq bo‘lgan ezgu ramzlardandir.
Davlat bayrog‘i — xalqimizni yagona maqsad yo‘lida birlashtiruvchi, yurt tinchligi va mustaqilligini e’zozlashga chorlovchi timsoldir. Shu bois “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” g‘oyasi xalqimizning birdamlik ruhini yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan "O‘zbekkosmos" agentligi va uning muassisligidagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” MChJda ham qator ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Tashkilot xodimlari ishtirokida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” mavzusida Davlat bayrog‘ining 34 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida bayroqning tarixiy ahamiyati, uning har bir rang va belgisida mujassam bo‘lgan ma’no, shuningdek, davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.


