Fan olimpiadalari markazining joriy yil o‘tgan vaqti davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan brifing
2025-07-17 16:00:00 / Yangiliklar

Bugungi brifing tadbirimiz davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Fan olimpiadalari markazining joriy yil o‘tgan vaqti davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Xabaringiz bor, ushbu markaz Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 sentyabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘z oldiga iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, xalqaro va respublika miqyosida maktab fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan olimpiada, musobaqa va tanlovlarni tashkil qilish kabi qator muhim vazifalarni qo‘ygan.
Markaz o‘tgan vaqt davomida bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Xususan, joriy yil fevral oyida Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasi hamda fizika va kimyo fanlari bo‘yicha O‘qituvchilar olimpiadasining hududiy bosqichlari tashkil etildi. Unda umumiy hisobda 87 ming nafarga yaqin o‘quvchi va 9 ming nafarga yaqin o‘qituvchilar qamrab olindi.
Mart oyida Asosiy olimpiada hamda Al-Xorazmiy nomidagi tabiiy fanlar olimpiadasining Respublika bosqichlari tashkil etildi.
O‘quvchilarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash hamda terma jamoalarga saralash maqsadida mahalliy trenerlar ishtirokida kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi. Xususan, terma jamoa a’zolari matematika fanidan Qirg‘iziston va Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro qo‘shma o‘quv-yig‘in jarayonlarida ishtirok etdi.
Mart–aprel oylarida terma jamoaga nomzod o‘quvchilar uchun informatika va fizika fanlari bo‘yicha Polsha va Belarusdan taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirokida maxsus kuchaytirilgan o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Aprel oyida terma jamoa vakillari Yevropa qizlar matematika olimpiadasida ishtirok etdi hamda 3 ta medal sohibiga aylandi.
17-20 aprel kunlari Turkiyada bo‘lgan Xalqaro Robototexnika olimpiadasida o‘quvchilarimiz 11 ta medal hamda shu yo‘nalishda Italiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqa yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, yuksak natijalarga erishdi.
Matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va ingliz tili fanlari bo‘yicha Qozog‘iston, Turkmaniston, Braziliya, Sochi, Bosniya va Gersegovina, Iordaniya va Birlashgan Arab amirliklarida tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari turli darajadagi jami 72 ta, jumladan:
Jautikov olimpiadasida — 19 ta;
II Xalqaro matematika olimpiadasida — 17 ta;
Mendeleyev kimyo olimpiadasida — 7 ta;
Kavkaz hamda Bolqon matematika olimpiadalarida — 12 ta;
Osiyo informatika olimpiadasida — 3 ta;
Osiyo fizika olimpiadasida — 1 ta;
Ingliz tili bo‘yicha xalqaro olimpiadada — 9 ta;
57-Xalqaro Kimyo olimpiadasida — 4 ta medal va umumiy hisobda 6 ta kubokni qo‘lga kiritdi.
Bu natijalar O‘zbekiston yoshlarining xalqaro fan olimpiadalari maydonidagi yuqori salohiyati va ilmiy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Markaz tomonidan buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosida keng targ‘ib etish maqsadida joriy yilning 7-13 may kunlari Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi tashkil etildi.
Unda Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu bahslarda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 50 ta medal bilan yakka peshqadamga aylandi.
Shuningdek, may-iyun oylarida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tda hamda unda Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Mongoliya, Belarus, Vetnam, Rossiya, Gruziya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlardan 115 nafar o‘quvchi qatnashdi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar ushbu bahslarda ham 19 ta medal bilan umumiy hisobda peshqadam jamoa sifatida e’tirof etildi.
