Vazir soati: bogʻchalarga qamrov holati, 1-sinf va Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari
2025-06-12 18:45:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonlari sifatini oshirish, 1-sinfga oʻquvchilarni qabul qilish hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi taʼlim muassasalariga qabul jarayonlarini tashkil etish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrov koʻrsatkichini oshirish boʻyicha qator ishlar olib borilayotgan boʻlsada, ammo ayrim hududlarda bu boradagi ishlarni tashkil etishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.
Shu bilan birga bogʻcha binolarini jihozlash, oʻquv-metodik adabiyot va metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlashda aniq meʼyorlar qabul qilinmaganligi hamda tarbiyachilarning bilim va malakalarini oshirish borasidagi ishlar tanqid qilindi.
Masʼullar oldiga bogʻcha tarbiyachilarining kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda malakasini oshirish, shuningdek ularni zarur oʻquv adabiyotlari bilan toʻliq taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda 2025-2026 oʻquv yilida oʻquvchilarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari hamda bu boradagi qilinishi lozim boʻlgan ishlar hududlar miqyosida atroflicha tahlil etildi.
Qayd etilganidek, yangi oʻquv yilida 1-sinfga onlayn qabul tashkil etiladigan tuman (shahar)lar soni 64 ta (21 ta koʻpaydi)ga, maktablar soni 1 920 ta (736 ta koʻpaydi)ga yetkazildi.
Joylarda 1-sinfga qabul jarayonlarini onlayn amalga oshirish va raqamlashtirish borasidagi muammolarni toʻliq bartaraf etish, 1-sinfga qabul jarayonlarini shaffof tashkil etish boʻyicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, biriktirilgan mikrohududdagi maktab yoshidagi bolalar soni, maktablarning quvvati, pedagoglar bilan taʼminlanganligi, sanitariya talablariga mosligi hamda darsliklarga berilgan buyurtmalarni inobatga olgan holda 1-sinf qabul rejasini tasdiqlash belgilandi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalari hamda tuman va shahar boʻlimlarida qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha shtab tashkil etilishi va ota-onalarning bu boradagi har bir murojaati tezkor koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, UZINFOCOM bilan birgalikda qabul jarayonida fuqarolarning murojaatlarini tezkor koʻrib chiqib uchun “Ishonch telefoni” va “Koll-markaz” faoliyatining uzluksiz ishlashi taʼminlanadi.
Yigʻilishda 2025-2026-oʻquv yilida Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari masalasi ham koʻrib chiqildi.
Joriy yil 1-iyundan boshlab Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan va sport maktablarida oʻqish istagida boʻlgan talabgorlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayonlari boshlandi.
Aytilganidek, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida 16 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati tashkil etildi. Ayni vaqtda ushbu maktablarga oʻqish istagida boʻlgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinmoqda.
Tegishli masʼullarga mazkur qabul jarayonlarini sifatli va shaffof tashkil etish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.
