So‘ragan edingiz
2024-01-22 15:30:00 / Yangiliklar

Bu yilgi attestatsiya sinovlaridan bog‘cha tarbiyachilari ham o‘tadimi?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, attestatsiya imtihonlariga respublikamizdagi barcha davlat maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida mehnat qilayotgan hamda navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tishi lozim bo‘lgan oliy ma’lumotli pedagog kadrlar jalb etiladi.
Ma’lumot uchun: majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan davlat maktabgacha, shuningdek, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari ham o‘z xohishiga ko‘ra mazkur Nizom talablariga muvofiq navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishi mumkin.
