XALQARO TANLOV GʻOLIBLARI TANTANALI KUTIB OLINDI
2025-01-17 20:45:00 / Yangiliklar

Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan “Zayed Sustainability Prize” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro ayeroportida tantanali tarzda kutib olindi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova,mas’ullar hamda ota-onalar ishtirok etib, o‘quvchilarni samimiy tabriklashdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tanlovda Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Paxlavon Gʻulomov hamda 9-sinf o‘quvchisi Asilbek Ashrapov “Global High schools” (global maktablar) yo‘nalishida yomg‘ir suvini qayta ishlab iste’mol uchun yaroqli holga keltirish loyihasi bilan qatnashib g‘oliblikni qoʻlga kiritdi.
O‘quvchilarimizga mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.
❗️Taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va o‘quvchilarimizni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur xalqaro tanlovda o‘quvchilarimiz tomonidan taqdim etilgan loyihada ichimlik suvi tanqisligi mavjud tuman va qishloqlardagi foydalanilmayotgan yer maydonlarida katta miqdorda yomg‘ir suvini to‘plash uchun yopiq hovuz (sisterna) va filtrlovchi uskunalar yordamida suvni qayta ishlab ichimlik va kundalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish nazarda tutilgan.
Endilikda bu loyihani moliyalashtirish uchun tashkilotchilar tomonidan 150 ming AQSH dollari miqdorida investisiya kiritiladi hamda ushbu g‘oya hayotga tatbiq etiladi.
