So‘ragan edingiz...
2024-06-24 13:50:00 / Yangiliklar

Savol: Mening yashash manzilim qaysi maktab mikrohududiga kirishini qayerdan bilib olsam bo‘ladi?
Javob: Buning uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining my.maktab.uz elektron portalida yashash manzilingiz bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni kiritib, farzandingizni ta’lim olish tilini tanlaganingizdan so‘ng "Qidirish tugmasi"ni bosasiz. Shundan so‘ng, oynada yashash manzilingiz qaysi maktab mikrohududiga biriktirilganligi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari har bir maktabda ota-onalarga qulay bo‘lgan, barchaga ko‘rinadigan joyda 1-sinfga qabul jarayonlariga oid, jumladan, mikrohudud haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Savol: Farzandimni 1-sinfga topshirish uchun elektron platforma orqali onlayn ariza berib bo‘lganimdan so‘ng, shaxsiy ma’lumotlarimda xatoliklar aniqlansa, ularni qay tartibda to‘g‘rilashim mumkin?
Javob: Bunda arizangiz maktabga yuborilgan bo‘lsa, maktab tomonidan arizangiz sababi ko‘rsatilgan holda rad etiladi. Shundan so‘ng, shaxsiy ma’lumotlaringizni tahrirlab, qayta ariza berishingiz mumkin.
Savol: Bolaning ota-onasi chet elda, jiyanlarimni maktabga joylashtirish uchun o‘zim ariza topshirsam bo‘ladimi?
Javob: Ha, topshirish mumkin. Bunda elektron platformada shaxsiy ma’lumotlarni shakllantirganingizdan so‘ng, tegishli maydonni belgilab, vasiylik bo‘yicha qarorni biriktirishingiz kerak bo‘ladi.
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun Vazirlikning “Call markazi”- 71-203-07-04 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
