Buxoroda “Ishonch” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi
2025-12-16 13:00:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda BMT vakillaridan iborat delegatsiya Buxoroda “Ishonch” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab Romitan tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan inklyuziv taʼlim sinflari va STEM laboratoriyasi faoliyati, alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, delegatsiya Buxoro viloyati pedagogik mahorat markazida bo‘ldi. Unda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muloqot tashkil etilib, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, raqamli va inklyuziv taʼlim metodlarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir doirasida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi. Unda loyiha natijalari, kelgusidagi rejalar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berilib, jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berildi.
Jarayonlar davom etadi...
